“Tinkoff Bank"ning sobiq rahbari, “TBC Bank"ning xalqaro biznes bo‘yicha rahbari Oliver Xyuz o‘zining “LinkedIn"dagi sahifasida O‘zbekiston va uning fintex sohasi haqidagi fikrlarini bildirdi.

“Men O‘zbekiston haqida nimadir yozishga qaror qildim, sababi bozorga munosib baho berilmagan va yaxshi o‘rganilmagan”, — deydi Oliver Xyuz

U ikkita mahalliy to‘lov tizimi — “Uzcard” va “Humo” API orqali ochiq bank xizmatlarini taklif etishini, bundan tashqari, elektron tijorat, to‘lovlar, kreditlash hamda kripto kabi boshqa sohalarda ko‘plab fintex kompaniyalari mavjudligini va oy sayin yangilari paydo bo‘layotganini qayd etdi.

Oliver Xyuzning fikricha, “TBC” va “Uzum” tez o‘sib borayotgan eng yirik raqamli moliyaviy o‘yinchilardir. Shu bilan birga, marketpleys raqamli moliyaviy xizmatlar sohasida katta hisoblanadi.

“„TBC“, „Halyk Bank“, „OTP“ va yaqinda „Santander“ kabi xorijiy o‘yinchilar bozorga kirib kelishmoqda. Ko‘pgina davlat xizmatlari onlayn amalga oshiriladi va bu raqamli moliyani kuchaytirmoqda”, — dedi u.

Shuningdek, O‘zbekistonda kartadan kartaga o‘tkazmalar va raqamli to‘lovlar deyarli universal ekanligi qayd etilib, “Payme” va “Click” yetakchi p2p o‘yinchilari ekani ta’kidlandi.

2023-yilda fuqarolar o‘rtasidagi p2p o‘tkazmalari hajmi 224,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 80,8 mlrd so‘mga yoki 56%ga ko‘p.

Barcha kartadan kartaga pul o‘tkazmalarining 65,7%i “Uzcard” to‘lov tizimi, qolgan 34,4%i esa “Humo” hissasiga to‘g‘ri keladi. “Mastercard” hisobotida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda masofaviy bank xizmatlari ancha ommalashgani qayd etilgandi.

Bundan tashqari, KPMG prognozlari 2027-yilga borib O‘zbekistonda elektron tijorat bozori 6−7 barobar o‘sishi mumkinligini qayd etdi. Bozorga yangi o‘yinchilarning kirib kelishi va moliyaviy xizmatlarning yaxshilanishi sanoat dinamikasini shakllantiradi.