27-fevral kuni muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tizimini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-mayigacha davlat tomonidan kafolatlangan tarzda ta’minlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlari 18tadan 30taga kengaytiriladi.

1-maydan mazkur vositalar xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablag‘lar miqdorini bozor konyunkturasidan kelib chiqib, o‘rtacha 3 baravargacha, ayrim vositalarning turlari esa 10 baravargacha oshiriladi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lganlarning yuqoridagi vositalarga muhtojligi alohida tibbiy xulosa rasmiylashtirmasdan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma asosida belgilanadi.

Nogironlik guruhiga ega bo‘lmagan pensiya yoshidagilarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” tizimida rasmiylashtiriladi.

1-maygacha Toshkent shahri va Samarqand viloyatida, 1-oktabrgacha esa mamlakatning barcha hududlarida muhtoj insonlarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan vaucher asosida ta’minlash tartibi joriy etiladi.

Fevral o‘rtalarida prezident nogironligi bo‘lgan insonlarni sifatli protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.

Undan keyin protez vositalari uchun ajratilayotgan mablag‘lar 1,5 barobar oshirilib, 100 mlrd so‘mga yetkazilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq 1-oktabrdan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlarni “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirish joriy etilishi ma’lum qilingandi.