14-fevral kuni Shavkat Mirziyoyevga ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xaba berdi.

2023-yilning 1-iyunida qabul qilingan davlat rahbarining tegishli farmoni bilan Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgandi. O‘tgan davrda agentlik tomonidan tizimning samaradorligi va manzilliligi joylarga chiqib o‘rganildi.

Bu jarayonda tizimni mahalla darajasida adolatli tashkil etish, to‘g‘ri moliyalashtirish, og‘ir ahvolga tushib qolgan odamlarning ijtimoiylashuviga ko‘maklashishda kamchiliklar borligi aniqlandi.

Taqdimotda bu muammolarni tizimli hal etishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi. Endi mahalladagi “yettilik” oilalardagi ijtimoiy muammoning sababi, ularga ta’sir qiluvchi omillarni aniqlaydi.

Shu bilan birga, mavjud imkoniyatlarni baholab, og‘ir vaziyatdan olib chiqish bo‘yicha ijtimoiy xizmatlarni tayyorlaydi.

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan yordamlarni oilaning ijtimoiy ahvolini individual baholash asosida ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni ishlab chiqish, samarali joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya talablarini hayotga tatbiq etishni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Bunda nogironligi bo‘lgan insonlarga ko‘maklashish, jamiyatga integratsiya qilish, sifatli protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish qayd etildi.

2023-yilning dekabrigacha Ijtimoiy himoya axborot tizimiga “Mehr daftari”, “Saxovat va ko‘mak”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” axborot bazalari, jumladan, bu daftarlarga kiritilgan fuqarolar hamda ularga tayinlangan to‘lovlar to‘g‘risida ma’lumotlar integratsiya qilinishi belgilangandi.

Avvalroq hukumat qarori bilan “Eng faol ijtimoiy xodim” ko‘rik-tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilingandi.