Germaniyaga ishga ketuvchilar uchun til talablari yengillashtirilishi mumkin. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbout xizmati xabar berdi.

Vazir Behzod Musayev mamlakatning “Mangold Consulting Gmbh” kompaniyasi prezidenti Klaus Mangold va boshqaruvchi direktor, doktor Kristof Mangold bilan uchrashdi.

Unda xorijda ishlovchilar uchun sharoitlar, kasb-hunarga o‘qitish va o‘zbekistonliklarni Germaniyada talab yuqori bo‘lgan ishlarga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Germaniyadagi demografik jarayonlar boshqa davlatlardan ishchi kuchiga talabni orttirayotgani, shuningdek, 1000dan ortiq shifoxonalarda yetishmayotgan tibbiyot xodimlari o‘rnini O‘zbekiston tomoni to‘ldirishga tayyorligi ta’kidlandi.

Biroq, bu jarayonni til bilishdagi muammolar sekinlashtirib yuborayotganligi aytilib, til bo‘yicha qo‘yilgan talablarni yumshatish taklif etildi. Nemis tili o‘quv kurslari muddatini qisqartirish zarurligi bildirildi.

Tomonlar tibbiyot yo‘nalishidan tashqari, metallni qayta ishlash korxonalaridagi mexatronika, logistika, yuk avtomobili haydovchiligi yo‘nalishlariga talab mavjudligini qayd etishdi.

Barcha kelishuvlarni tezroq hayotga tatbiq etish uchun huquqiy asoslarni ishlab chiqishga kelishildi.

Fevral oyi boshida o‘zbekistonliklar Germaniyadagi 50 mingta bo‘sh ish o‘rniga ishga taklif etildi. Unda hamshiralik, yuk avtomobili haydovchisi, mehmonxona, restoran hamda turizm kabilar sohalar bor edi.

Avvalroq Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Bobur Valiyev xorijda mehnat faoliyati olib borish, ish o‘rinlari va ularga qo‘yilgan talablar haqida batafsil “Spot"ga so‘zlab bergandi.