Avvalroq Shavkat Mirziyoyev migratsiyani tartibga solish va mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgandi.

Bandlik vaziri Behzod Musayevning “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida qayd etishicha, xorijiy mamlakatlarning mehnat resurslariga bo‘lgan talabi ortib bormoqda.

“Hozirgi kunda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida mehnat resurslariga bo‘lgan talab juda yuqori. Bu demografik faktor, tug‘ilishning kamayishi bilan bog‘liq”, — dedi Behzod Musayev.

Xususan, ishchi kuchiga yuqori talab Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Polsha, Vengriya, Sloveniyada mavjud. Bu talablarning eng muhim jihati xorijiy kompaniyalar taklif etayotgan oylik maoshda ekanligini qayd etdi vazir.

“Ular talablarining eng qiziqarli tomoni, albatta, oyligi yuqori. Eng kam oylik malakasi, yo‘nalishiga qarab $1500dan $3000gacha”, — dedi vazir.

Bandlik vazirligi oldiga katta talablar qo‘yilgani, bu tilga o‘qitish va kasbga o‘rgatish tizimini takomillashtirish, hududlardan xorijga ketish istagida bo‘lgan fuqarolarni, yoshlarni mahallalardan ajratib olish, tuman, viloyat kesimida bu ishlarni bajarish belgilab berilgani ta’kidlandi.

“Eng asosiysi, shu ishga ketmoqchi bo‘lgan odamda, albatta, xarajatlari bo‘ladi. Ya’ni, viza olish, til va kasb o‘rganish, sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha yoki xorijga borgach yuridik xarajatlar bo‘ladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha qancha mablag‘ ajratilishi belgilab berildi”, — dedi Behzod Musayev.

Shuningdek, vazir joriy yilda 2000 nafar o‘zbekistonlik yosh fuqarolar 5−6 oy muddatga Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishlarga jo‘natilganini qayd etdi.

Avvalroq Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining boshqarma boshlig‘i Bobur Valiyev joriy yilda 7000 nafardan ortiq o‘zbekistonliklarni mazkur mamlakatga ishga jo‘natish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

Endilikda mehnat migrantlarining ayrim xarajatlari qisman qoplab beriladi. Xorijdan qaytgan migrantlarni ishga olgan korxonalarga har bir xodim uchun oyiga 500 ming so‘m miqdorida subsidiya berib boriladi.