Joriy yilning sentabridan Jizzax viloyatida Irjar-Do‘stlik-Jizzax yo‘nalishida teplovoz qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Viloyatdagi 10ta madaniy meros obyektida “Turizm halqasi” yaratilib, turizm mahallasi maqomi beriladi, hamda “Turizm halqasi"ga boradigan yo‘llar ta’mirlanadi.

Xalqaro “M-39” yo‘lining viloyat hududidan o‘tgan 98 kilometr qismidan kuniga 40 ming avtomobil qatnaydi. Bu yo‘l chetida bo‘sh turgan 4 gektar yerlar tadbirkorlarga taklif qilinsa, 20 ming aholini doimiy band qilish mumkinligi qayd etildi.

Shuningdek, Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimida turizm loyihalarini amalga oshirish uchun Hukumat komissiyasi tuziladi.

Sentabrdan Sharof Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlarini Jizzax shahri bilan bog‘lovchi Irjar-Do‘stlik-Jizzax yo‘nalishida teplovoz qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, mazkur tumanlardagi 450 ming aholining shaharga qatnovi yengillashadi.

Viloyatdagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, joylarda bog‘cha va maktablar qurish, Jizzax shahridagi tibbiyot muassasalari va ko‘priklarni ta’mirlash chora-tadbirlari yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Jizzaxda mahalla infratuzilmasini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash, grantlar ajratish uchun qo‘shimcha 300 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi.

Avvalroq Samarqand-Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. “Afrosiyob” elektropoyezdining qo‘shimcha harakati 10, 11, 12, 13-aprel kunlari amalga oshiriladi.