O‘zbekiston respublika valyuta birjasi o‘ttiz yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Unda chet el valyutasi, davlat qimmatli qog‘ozlari, moliyaviy hosilaviy instrumentlarni sotib olish va sotish, shuningdek, pul bozoridagi boshqa birja operatsiyalari bo‘yicha birja savdolari amalga oshirilib kelinadi.

Valyuta birjasining Birja savdolari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yorqinjon Ibrohimov birja faoliyati, undagi savdo bozorlari, turlari va qatnashchilari, shuningdek, savdolarda qanday ishtirok etish mumkinligi haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.


Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:

Valyuta birjasi o‘zi nima?

1992-yil valyuta birjasi faoliyatining dastlabki yillarini valyuta oldi-sotdi jarayonlari tashkil qilish bilan boshlagan. Keyinchalik davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha savdo jarayonlarini tashkil qilgan. Navbatdagi bosqichlarda pul bozori, ya’ni Markaziy bankning tijorat banklari bilan o‘tkaziladigan depozit va kredit auksionlari bo‘yicha savdolar boshlangan. Bundan tashqari, banklararo pul bozorida tijorat banklari o‘zlarida mavjud pul mablag‘larini depozitga joylashlari yoki boshqa tijorat bankidan jalb qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berilgan.

2022-yil valyuta birjasida muddatli bitimlar bozori tashkil qilindi. Bu bozorda savdo ishtirokchilari o‘zlarida valyuta bilan bog‘liq bo‘lgan risklarni xedjerlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ya’ni tijorat banklari valyuta fyuchers shartnomalari bilan operatsiyalarni amalga oshirish orqali o‘zlarida mavjud valyuta kursi tebranishi bilan bog‘liq risklarni nisbatan kamaytiradilar yoki mazkur operatsiya orqali foyda ko‘radilar.

Yuqorida aytib o‘tilgan savdolar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun alohida kliring tizimi ham mavjud. Shuningdek, valyuta birjasi ushbu bozorlardagi risklarni boshqarish maqsadida markaziy kontragent faoliyatini ham yo‘lga qo‘ygan. Bu savdo jarayonlarida tuzilgan bitimlar bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlovchi alohida funksiya hisoblanadi. Bundan tashqari, davlat qimmatli qog‘ozlari bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha valyuta birjasining depozitariy infratuzilmasi bor.

Valyuta birjasi qanday ishlaydi?

Valyuta birjasi o‘zining ishtirokchilari bilan masofaviy shaklda ishlab kelmoqda. Faoliyatining dastlabki yillarida treyderlar ofisga tashrif buyurgan holda savdolarda qatnashishlari mumkin edi. Bugungi kunda esa ular birjaga kelgan holda yoki masofaviy shaklda ishtirok etishlari imkoniyati bor, lekin ular asosan onlayn qatnashishni afzal ko‘rishadi.

birja, uzrvb, valyuta birjasi, yorqinjon ibrohimov

Ishtirokchilariga birja dasturchilari tomonidan ishlab chiqilgan savdo tizimlari orqali qatnashish sharoiti yaratilgan. Bundan tashqari, davlat qimmatli qog‘ozlari savdosida treyderlarga maxsus mobil ilovalarni ham taqdim qilganmiz.

Birja tomonidan foydalanib kelinayotgan barcha savdo platformalari, kliring yoki hisob-kitob tizimlari valyuta birjasi dasturchilari tomonidan yaratilgan.

Valyuta birjasining mohiyati va roli

Bugungi kunga kelib, valyuta birjasi atamasidagi “valyuta” so‘zi, uning asl mazmun-mohiyatini to‘liq ochib bera olmaydi. Chunki, birja bugungi kunda nafaqat valyuta oldi-sotdi savdosi bilan, balki davlat qimmatli qog‘ozlari, pul bozori va muddatli bitimlar bozorini ham o‘z ichiga qamrab oladi.

Ushbu bozorlarda markaziy kontragent, hisob-kitoblarni amalga oshirish, kliring, depozitariy singari tizimlar mavjud. Valyuta birjasi ushbu jarayonlarni to‘liq qamrab oluvchi tashkilot hisoblanadi.

Bundan tashqari, valyuta birjasi savdo ishtirokchilari valyuta kurslari o‘zgarishi hisobiga yuzaga keluvchi risklarni kamaytirish va xedjerlash imkoniyatini taqdim etuvchi muddatli bitimlari bozori savdolarini tashkilotchisi sifatida muhim rol o‘ynaydi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda import-eksport operatsiyalarini amalga oshiruvchi ko‘plab tadbirkorlarda valyuta kurslari tebranishi bilan bog‘liq risklar mavjud, ular tijorat banklari bilan valyutaviy forvard bitimlari tuzishlari, tijorat banklari esa valyuta birjasida yaratilgan muddatli bitimlar bozorida valyutaviy fyuchers shartnomalarini tuzish orqali valyuta kurslari tebranishi hisobiga yuzaga keladigan katta yo‘qotishlarni kamaytirish yoki oldini olishlari imkoniyati mavjud.

Valyuta birjasi Markaziy bankka pul-kredit siyosatini belgilashda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda moliya bozorining boshqa ishtirokchilariga, jumladan chet ellik investorlarga daromadlilik egri chizig‘i, valyuta kurslari, UZONIA indeksi va moliya bozorining boshqa etalon ko‘rsatkichlarini bozordagi talab va taklif asosida shakllanishida savdolar tashkilotchisi sifatida muhim rol o‘ynaydi.

Savdo turlari

Birjada valyuta oldi-sotdi savdosi bilan birgalikda pul, fond va muddatli bitimlar bozorlari mavjud va har biri yana alohida turlarga bo‘linadi. Masalan, valyuta bozorida ishtirokchilar uchun valyutaviy spot va svop opertasiyalari mavjud.

Svop operatsiyasi — bitimda belgilangan muddat va valyuta kursi bo‘yicha hisoblashish sharti asosida valyutalarni bir vaqtda sotib olish va sotish bo‘yicha ikki tomonlama bitimdir. Valyutaviy svop operatsiyasi ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismini amalga oshirishda valyutalarning dastlabki almashinuvi (spot bitim), ikkinchi qismini bajarishda esa qayta almashinuvi (forvard-bitimi) va svop shartnomasining yopilishi sodir bo‘ladi.

Keyingi fond bozorida savdo ishtirokchilari bugungi kunda davlat qimmatli qog‘ozlari bilan oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshiradi. Bunda savdo Markaziy bank va Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarini birlamchi joylashtirish operatsiyalari, ya’ni auksionlar ko‘rinishida tashkil qilinadi.

Ularning ikkilamchi bozorida ham savdo olib boriladi. Birlamchi bozordagi davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olgan dilerlar ularni ikkilamchi bozorga olib chiqib, boshqa ishtirokchilarga yoki o‘z mijozlariga qayta sotishlari mumkin bo‘ladi.

Muddatli bitimlar bozori 2022-yil 3-oktabrda joriy qilingan. Bunda valyutaviy fyuchers shartnomalari bo‘yicha savdo ishtirokchilari uzun va qisqa pozitsiyalar ochishga qaratilgan operatsiyalarni amalga oshirish orqali bitimlar tuzish imkoniyatiga ega. Bu turdagi shartnomalarning xorijiy amaliyotda 2ta turi mavjud — hisob-kitobli va yetkazib beriladigan. Valyuta birjasida hisob-kitobli fyuchers shakli bo‘yicha savdolar tashkil qilingan.Ishtirokchilar bu shaklda savdo qilish orqali o‘zlarida mavjud valyuta kurslarining tebranishlari bilan bog‘liq risklarni himoyalay oladilar.

Shu bilan birga, pul bozorida Markaziy bank va tijorat banklari o‘rtasida depozit yoki kredit auksionlarini, REPO-operatsiyalarini amalga oshirish mumkin. Savdo ishtirokchilari orasida ham REPO-bitimlarini tuzish, banklararo pul bozorida depozitga joylash va unga jalb qilish operatsiyalarini o‘tkazish imkoniyati ham bor.

birja, uzrvb, valyuta birjasi, yorqinjon ibrohimov

Foto: MarketWatch

REPO-bitimi — qimmatli qog‘ozlarni muayyan muddat o‘tgach, avvaldan belgilangan narx bo‘yicha qayta sotib olish sharti bilan tuziladigan qimmatli qog‘ozlarga doir oldi-sotdi bitimlari.

Valyuta birjasida savdo: asosiy tamoyillar

Valyuta birjasidagi savdolar bir nechta tamoyillarga asoslanadi. Birinchi navbatda savdolar o‘tkazilishi ommaviy va oshkora bo‘lishi kerak. Ya’ni barcha shartlar oldindan belgilangan shartlarda, barchaga e’lon qilingan bo’lishi lozim.

Asosiy tamoyillar quyidagilardan iborat:

  • birja savdolarini o‘tkazishning oshkoraligi va ommaviyligi;
  • birja savdolarida narxlar shakllanishining erkinligi;
  • birjaning barcha a’zolari uchun birja savdolarida ishtirok etishda shart-sharoitlarning tengligi;
  • tuzilgan birja bitimlari bajarilishining ta’minlanishi.

Shuningdek, birja savdosida shakllanadigan narxlarning erkinligini ta’minlash ham muhim sanaladi. Agarda bozorda narxlar erkin talab va taklif asosida shakllanadigan bo‘lsa, bozorda tuzilayotgan bitimlarning natijalariga qarab boshqa qatnashchilar oqilona qaror qabul qilishlari mumkin bo‘ladi.

Misol uchun, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida birlamchi joylashtirish yoki ikkilamchi bozordagi savdo natijalarini ko‘rish orqali rezident va norezidentlar ushbu bozorga o‘z investitsiyalarini kiritishadi.

birja, uzrvb, valyuta birjasi, yorqinjon ibrohimov

Foto: Depositphotos.com

Valyuta birjasi savdo ishtirokchilariga savdoda qatnashishlari uchun teng shart-sharoitlarni yaratish tamoyilini ham qo‘llab keladi. Shuningdek, asosiy tamoyillardan biri, tuzilgan bitimlar bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash hisoblanadi. Buning uchun birjada markaziy kontragent funksiyasi tashkil qilingan.

Masalan, savdo qatnashchisi $1 mln valyutani sotib olsa, bu mablag‘ni vaqtida yetkazib berish markaziy kontragentning zimmasida turadi. Birjada valyuta savdolari T+1 rejimida bitim tuzilgan kunning ertasigayoq hisob-kitoblar amalga oshiriladi. Tomonlardan biri majburiyatini o‘z vaqtida va to‘liq bajarmagan taqdirda, markaziy kontragent defolt holatlarini boshqarishning mavjud tartibidan foydalangan holda bitim bo‘yicha majburiyatlar bajarilishini ta’minlaydi.

Savdoning asosiy ishtirokchilari

Valyuta birjasi savdolarida ishtirok etish uchun birjaga belgilangan hujjatlarni taqdim qilgan holda a’zo bo‘lish kerak. Dilerlar nomidan savdolarda o‘zlarining treyderlariga ishonchnoma asosida taqdim etishi orqali qatnashishi mumkin.

Hozirda savdo ishtirokchilari orasida market-meykerlar ham mavjud. Bular savdolarda talab va taklifni hamda narxlarni doimiy ravishda saqlab turishni, marketmeykerlik bilan bog‘liq bitimlarni tuzishni amalga oshiruvchi ishtirokchi hisoblanadi. Ular bozorlarda likvidlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Birjada savdo ishtirokchilari uch ta toifaga ajratilgan bo‘lib, bular:

  1. A — valyuta (jumladan, valyutaviy fyuchers shartnomalari) bozorida savdo ishtirokchilari.
  2. B — davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida savdo ishtirokchilari.
  3. C — pul bozoridagi savdolar ishtirokchilari.

Bugungi kunda valyuta birjasidagi savdolarda bozorlarga qarab ishtirokchilar ko‘lami kengayib bormoqda. Masalan, valyuta va muddatli bitimlar bozorini oladigan bo‘lsak, u yerda faqatgina tijorat banklari valyuta birjasidagi valyuta oldi-sotdi operatsiyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirishlari mumkin bo‘lsa, pul bozorida valyuta birjasi dilerlari ishtirok etishlari mumkin.

Bundan tashqari, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini oladigan bo‘lsak, bu yerda savdo ishtirokchilari ko‘lami keng. Sababi, savdolar nafaqat rezident ishtirokchilar va ularning mijozlari (yuridik va jismoniy shaxslar), balki norezident bo‘lgan savdo ishtirokchilari va ularning norezident mijozlari ham savdolarda ishtirok etishlari mumkin.

Real vaqtdagi ish jarayoni

Birjadagi barcha savdolar real vaqt rejimida amalga oshirilmoqda. Ishtirokchilar savdo platformalariga kirgan holatda, buyurtmalar navbatiga (birja stakaniga) buyurtma kiritish orqali bitim tuzishlari mumkin.

Bunda savdolar bo‘yicha hisob-kitoblar ishtirokchilar tomonidan tanlangan hisob-kitob rejimlariga asosan amalga oshiriladi. Hisob-kitob rejimlarining turlari ko‘p:

  • T0 — bitim tuzilgan kuniyoq hisob-kitoblar amalga oshiriladi.

  • T+1, T+2… — bitim tuzilgan kundan belgilangan muddat (bir yoki ikki kun) o‘tib amalga oshirilishini bildiradi.

Shuningdek, hisob-kitoblarning gross va netting shakllari mavjud bo‘lib, gross shaklda hisob-kitoblar har bir bitim bo‘yicha bitim tuzilgan vaqtda amalga oshiriladi, netting shaklida esa dastlab birjada ma’lum bir vaqt oralig‘ida bitimlar tuziladi, so‘ng ular bo‘yicha shakllangan savdo ishtirokchilarining yagona talab va majburiyatlardan kelib chiqib hisob-kitoblar amalga oshiriladi.

birja, uzrvb, valyuta birjasi, yorqinjon ibrohimov

Foto: Mario Tama/Getty Images

Birjadagi savdolar umumiy olib aytganda ertalabki 09:00dan bank to‘lov kuni yopilganidan so‘ng 30 daqiqa davom etadi. Ushbu vaqt oralig‘ida savdo ishtirokchilari o‘zida mavjud talab va taklifdan kelib chiqib savdolarda ishtirok etishlari mumkin.

O‘zRVB savdolarida ishtirok etish

Bugungi kunda valyuta birjasida tashkil qilingan savdolarda ishtirok etishning bevosita hamda bilvosita usullari bor. Bevosita bu dilerlik maqomini olgan holatda o‘z nomidan ishtirok etish bo‘lsa, bilvosita usulda ular investor sifatida diler orqali qatnashishadi.

Savdolarda qatnashish uchun birinchi navbatda dilerlar bevosita qatnashayotgan bo‘lsa, valyuta birjasiga a’zolikka qabul qilish tartibida belgilangan hujjatlarni taqdim etish orqali qabul qilinadi. So‘ngra, o‘z nomidan savdoda ishtirok etishlari mumkin.

Investorlar nomidan qatnashish uchun esa mijoz tog‘risidagi ma’lumotlar taqdim etiladi. Ma’lumotlarga asoslanib, dilerga mazkur investorni biriktirib berilgach, unda mijoz nomidan ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ularning mijozlari yuridik va jismoniy shaxslar bo‘lishi mumkin.

Davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida dilerlarning o‘zi ham rezident, ham norezident bo‘lishlari mumkin. Bundan tashqariб mijozlar rezident yoki norezident bo‘lishlari, shu bilan birga yuridik va jismoniy shaxs ham bo‘lishi mumkin.

O‘zRBVning Forex’dan farqi

Forex bu chet el valyutasini boshqa valyutaga ayriboshlash hisoblanadi. Bugungi kunda valyuta birjasida ham chet el valyutasini so‘mga nisbatan ayriboshlash imkoniyati mavjud. Shuningdek, valyuta birjasidagi valyuta oldi-sotdi savdolari Forex’ning bir qismini tashkil qiladi.

Farqi esa, valyuta birjasi o‘z doirasida nafaqat valyuta oldi-sotdi jarayonlarini balki, davlat qimmatli qog‘ozlari, pul va muddatli bitimlar bozorini o‘z ichiga qamrab oladi. Forex’da esa faqatgina valyuta oldi-sotdi jarayonlari nazarda tutilgan bo‘ladi.

Valyuta birjasi raqamlarda

Valyuta birjasining 2023-yilgi yil yakunlarida barcha savdolarning umumiy hisobi 999,52 trln so‘mga yetgan. O‘tgan 2022-yilga nisbatan 41,42% o‘sish surati ham saqlab qolingan.

Bunga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri birjada tashkil qilingan savdo jarayonlarining hamma uchun sodda va qulayligi, ular bo‘yicha hisob-kitoblarning tezkorligi, shuningdek, savdo ishtirokchilari bilan doimiy ravishda olib borilayotgan moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari hisoblanadi.

Har bir tuzilayotgan bitim va ularning natijasi bo‘yicha hisob-kitoblar tezkor amalga oshirilishi kerak. Aksariyat bozorlar aynan tezkorlikni talab etadi. Masalan, 2022-yil hisobiga REPO bozorida savdo hajmi 142 barobarga oshib ketgan. Bu savdo ishtirokchilarining talabidan kelib chiqqan holatda amalga oshirilgan.