Uy-joylarni jismoniy shaxslarga sotishda soliq bazasini aniqlash uchun minimal miqdorlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan prezident qarori loyihasida keltirilgan.

2024-yilning 1-mayidan qurilish korxonalari tomonidan jismoniy shaxslarga ko‘chmas mulk obyektlari realizatsiya qilinganda soliq bazasini aniqlashning yangi tartibi o‘rnatiladi. Bu har bir kvadrat metr uchun minimal miqdorlardan kelib chiqib hisoblanadi.

Ko‘p qavatli uylarning har bir kvadrat metri uchun hududlar kesimida belgilangan minimal miqdorlarining bazaviy miqdorlari:

Hududlar
Shahar va tuman
1 kv.metr uchun o‘rtacha minimal miqdor (mln so‘m)
Toshkent shahri
Mirobod, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy
7,5
Olmazor, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Yashnobod
7
Bektemir, Yangihayot
5
Viloyatlar
markazlari
5
boshqa tumanlar
4
Qoraqalpog‘iston
Nukus
3,5
boshqa tumanlar
2

Qurilish obyektining haqiqiy qiymatida minimal o‘rtacha ish haqi fondi ulushini, qishloq xo‘jaligi korxonalarini imtiyozli kreditlashda ishchilar soni me’yordan kam bo‘lmaslik talabini hamda qurilish korxonalari tomonidan bajarilgan ish hajmiga muvofiq keluvchi ishchi xodimlarning minimal me’yorlarini belgilash taklif etilmoqda.

Bu talablar bajarilmagan hollarda soliq organlari tomonidan jismoniy shaxslarning daromad va ijtimoiy soliqlarni qo‘shimcha hisoblash huquqiga ega bo‘lishlari mumkin.

Qurilish korxonalari tomonidan fuqarolarlarga ko‘p qavatli uy-joylarni sotish jarayonini tartibga soluvchi qaror loyihasini hukumat kiritish belgilanmoqda.

Soliq organlarining mazkur platformalaridan ro‘yxatdan o‘tgan uy-joy va ko‘chmas mulkni oldi-sotdisi bilan bog‘liq shartnomalar notarial idoralar tomonidan
rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga mehnat shartnomasini tuzmasdan muddatli ravishda ishchilar yollashga ruxsat berish tartibini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Bunda, soddalashtirilgan tarzda fuqarolar bilan joyida mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilish to‘g‘risida Soliq qo‘mitasining “Soliq” ilovasi orqali xabardor qilinadi.

Mamlakatda mehnat bozorini tartibga solish masalalarini xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda qayta ko‘rib chiqish, mehnat munosabatlarini soddalashtirish va
liberalizatsiya qilish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarini Prezident Administratsiyasiga kiritiladi.

Hozirda yuridik shaxslarga tegishli obyektlarning soliq solinadigan bazasi 1 kv.metri uchun eng kam bazadan past bo‘lishi mumkin emas. To‘lovlar hududlarga qarab quyidagicha:

  • Toshkent shahrida — 3 mln so‘m;
  • Nukus va viloyat markazlarida — 2 mln so‘m;
  • boshqa shaharlar va qishloq joylarda — 1,2 mln so‘m.

2023-yilning dekabrida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish maqsadida naqd pul muomalasini qisqartirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlanganini ma’lum qilgandi. Gap ayrim to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali to‘lash haqida bormoqda.

Yil boshida prezident yashirin iqtisodiyotdan YaIMga 135 trln so‘m, budjetga 30 trln so‘m tushum yo‘qotilganini qayd etgandi. Masalan, qurilish korxonalarining 41%i hisobotida faqat 1ta ishchisini ko‘rsatgan.

Bosh prokuratura Departamenti va Hisob palatasi yashirin iqtisodiyotni jilovlash va budjet mablag‘larini to‘g‘ri sarflanishi uchun javobgar qilib belgilandi.