“Hududiy elektr tarmoqlari” elektr energiyasi iste’molini hisoblash kalkulyatorini ishga tushirdi. Bu haqda korxona matbuot xizmati xabar berdi.

Korxona saytida ishga tushurilgan kalkulyator orqali 1-maydan kuchga kiradigan yangi narxlarni turli tariflarda hisoblash mumkin.

Kalkulyatordan havola orqali foydalanish mumkin.

elektr energiyasi, hududiy elektr tarmoqlari, kalkulyator

Avvalroq, Telegram-bot orqali elektr energiyasining kalkulyatori ishga tushirilgandi. Undan @e_tariffbot orqali foydalanish mumkin.

Botga maishiy iste’molchi sifatida bir oylik elektr energiyasi miqdorini kiritib, narxlarini bilish mumkin.

Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” saytidagi “Shaxsiy kabinet” orqali shaxsiy hisob raqamga oid ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati ham mavjud.

Unda iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdori, qoldiq va boshqalar to’g‘risida ma’lumotlar beriladi.

Buning uchun oldindan mobil aloqa raqami turar joydagi elektr ta’minoti korxonasi yoki bank kassalari orqali tizimga ulangan bo‘lishi kerak.

Shu bilan birga, telefon raqamiga “Shaxsiy kabinet"ga kirish uchun login ko‘rsatilgan SMS-xabar taqdim etilgan bo‘lishi lozim.

“Shaxsiy kabinet"ga kirish uchun tizimga ulangan mobil raqamdan “P” harfini 2100 qisqa raqamiga SMS-xabar ko‘rinishida yuborib, parolga ega bo‘lish mumkin.

Shuningdek, 2100 qisqa raqamiga “D” harfini SMS-xabar ko‘rinishda yuborish orqali, mavjud qarz haqidagi ma’lumotlar olinadi.

Joriy yilning 1-mayidan boshlab iste’molchilar energoresurslar uchun ijtimoiy norma asosida tabaqalashtirilgan tartibda haq to‘lashni boshlashadi. Buning uchun bazaviy tarif (oyiga 200 kVt/soatgacha) 450 so‘mni tashkil etadi.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 1-maygacha hisob raqam to‘ldirilib qo‘yilsa, ikki oy davomida eski tarif amal qiladi. Bu esa faqat ijtimoiy norma doirasidagi iste’mol hajmiga qo‘llanilib, agar belgilangan hajmlar oshib ketsa, ikki baravar tarif qo‘llaniladi.

Kelgusi yilning aprel oyida jismoniy shaxslar uchun elektr va gaz tariflarini yana oshirish rejalashtirilmoqda. Bazaviy tarif kilovatt/soat uchun 600 so‘m bo‘ladi.