Hukumatning iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish jarayonlarini va xususiylashtirish dasturi ijrosini samarali tashkil etishga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan yer uchastkalarini auksion orqali savdoga chiqarish rejasi tasdiqlanmoqda. Shu bilan birga, shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilmagan yer uchastkalari ijara huquqi asosida savdoga chiqariladi. Boshqa barcha holatlarda yer uchastkalari mulk huquqi asosida taqdim etiladi.

2024-yilda mamlakat bo‘yicha jami 6 ming ga yer uchastkalarini savdoga chiqarish rejalashtirilgan, shundan 225 ga Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.

Xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari bo‘yida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirishga 400ta obyekt savdoga chiqariladi. Shundan 16tasi Toshkent viloyatida, 10tasi poytaxtda joylashgan.

Shuningdek, hududlarda 1,3 mingdan ziyod obyekt auksionga chiqariladi. Ular xizmat ko‘rsatish majmualari va servis obyektlari, joylashtirish vositalari, turar joylar hamda savdo-ko‘ngilochar markazlarini tashkil etishga mo‘ljallangan.

Shuningdek 845 aholi yashash punktida 2027-yilgacha shaharsozlik hujjatlarini (bosh rejasi) ishlab chiqish bo‘yicha reja tasdiqlanmoqda. Toshkent shahrining bosh rejasini 2024-yilning yakuniga qadar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va joriy yilning 15-mayidan kuchga kirdi.

Aprel oyida prezident iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Undan keyin hukumat tomonidan bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.