Hukumat qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning elektron-onlayn savdolari orqali ijaraga berilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Hujjat bilan, bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Elektron onlayn-auksion savdoni o‘tkazish uchun materiallarni tayyorlash, elektron onlayn-auksion savdoni tashkil etish va undan tushadigan mablag‘larni taqsimlash, nizom talablariga rioya etilishini nazorat va monitoring qilish tartibi belgilandi.

Yanvar oyida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi. Hujjat bilan, 1-martdan mazkur yerlarni ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o‘rniga elektron onlayn auksion savdolari joriy etilishi belgilangandi.

Bunda yerlar elektron onlayn auksion savdolari orqali 30 yilga ijaraga beriladi. Shu bilan birga, boshlang‘ich narx yerning normativ qiymati miqdorida belgilanadi.

Onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer narxini 3 yil muddatda har oyda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari"da ro‘yxatda turgan fuqarolar uchun esa bu muddat 5 yilni tashkil etadi.

Ijarachilarga yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmasdan boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat berildi.

Ijaraga oluvchi yer uchastkasidan kamida 3 yil davomida, boshqa hollarda esa, kamida 5 yil davomida o‘zi foydalangan bo‘lishi kerak. Bu muddat ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab hisoblanadi.

Yuridik shaxslarga yer uchastkalarini boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab 5 yildan keyin ruxsat beriladi. Bu elektron onlayn-auksion savdolari, ochiq elektron tanlov yoki tanlov o‘tkazmasdan davlat organlarining qarorlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berilgan yerlar uchun amal qiladi.

Ijaraga beruvchi ochik elektron tanlov natijasiga ko‘ra ijara muddatiga teng taqsimlanadigan qo‘shimcha to‘lovlarni yoki elektron onlayn-auksion savdolari natijalariga ko‘ra bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan to‘lovlarni bir yo‘la to‘lashi shartligi belgilangan.

Bunda yerlar elektron onlayn auksion savdolari orqali 30 yilga ijaraga beriladi. Shu bilan birga, boshlang‘ich narx yerning normativ qiymati miqdorida belgilanadi.

Avvalroq 2027-yilgacha motokultivatorlar, bir o‘qli traktorlar va minitraktorlarni olib kirishda bojxona bojining nol stavkalari qo‘llanilishi ma’lum bo‘lgandi.