Qonunchilik palatasi majlisida “Sudyaning maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, mazkur hujjat sudyalarning maqomini alohida qonun darajasida belgilash hamda sud hokimiyati mustaqilligini yana-da mustahkamlashga qaratilgan.
U bilan sudyalik lavozimiga nomzodlar uchun ayrim talablar qayta ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, sudya hamda xalq maslahatchilari uchun yosh senzini 35 yoshdan 30 yoshga tushirish belgilanmoqda.
Shuningdek, sudyani dastlab 5 yilga, keyin esa muddatsiz davrga tayinlash tartibini joriy etish, sudya, sud raisi va rais o‘rinbosari lavozimlariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Loyihada sudyalar va ularning oila a‘zolarini ijtimoiy himoya qilish choralari bilan bog‘liq normalar aks etmoqda.
Qonun loyihasida sudyaning qaror qabul qilishda siyosiy qarashlardan va boshqa tashqi ta‘sirlardan xoli bo‘lishi alohida prinsip sifatida mustahkamlab qo‘yilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, sudyaning mustaqilligiga oid normalar esa tegishli moddada tizimli va yaxlit tarzda ifodalanganligi ta‘kidlandi.
Loyiha bilan qonunchilikka yangi kirib kelayotgan iste‘fodagi sudyaning maqomiga va uning faoliyati kafolatlariga oid normalar yanada aniqlashtirilgani ham aytib o‘tildi.
Jumladan, iste‘fodagi sudyaga guvohnoma berish, uni o‘z roziligi bilan sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatiga jalb etish, sudya sifatida ishlagan davrida odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bildirgan fikrlari va qabul qilgan qarorlari uchun daxlsizlik kafolatlarini saqlash, shuningdek professional mediatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi taqdim etilishiga oid masalalar aniq ifodalanmoqda.
Bundan tashqari, sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladigan harakatlar aniq mezonlar asosida qayta ifodalandi.
Xususan, “qonuniylikni qo‘pol ravishda buzish” tushunchasining mazmuni ochib berildi, bunday holatni yuqori instansiya sudi tomonidan aniqlash va tegishli xususiy ajrimda qayd etish mexanizmi belgilandi.
Spot, avvalroq, sudlarga murojaatlarning 50% gachasini elektron shaklga o‘tkazish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.