“TikTok” shu hafta marketing va operatsion bo‘limlarida ko‘plab xodimlarni qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “The Information” xabar bermoqda.

Ishdan bo‘shatish global foydalanuvchi operatsiyalari, kontent va marketing bo‘limida ishlaydigan 1000ga yaqin odamlarning aksariyatiga ta’sir qiladi.

Shuningdek, foydalanuvchilarning o‘zaro aloqasi va qo‘llab-quvvatlashi uchun mas’ul bo‘lgan jamoani tarqatib yuborish rejalashtirilmoqda.

Xitoyning “ByteDance” kompaniyasiga tegishli va 2018-yilda ishga tushirilgan “TikTok"ning asosiy ofislari Los-Anjeles va Singapurda joylashgan.

TikTokning bloklanishi

AQSh prezidenti Jo Bayden 24-aprel kuni “TikTok"ni blokirovka qilishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.

Tegishli qonun loyihasi 13-mart kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan ma’qullangan. Kongressmenlarning fikricha, xitoylik kompaniya tomonidan amerikalik foydalanuvchi ma’lumotlarining to‘planishi milliy xavfsizlikka tahdid soladi.

“Ushbu qonun 2025-yil 19-yanvargacha “TikTok"ni cheklab, platformadan muloqot qilish uchun foydalanadigan 170 mln amerikalikning ovozini o‘chiradi”, deydi “ByteDance” vakillari.

“TikTok” kompaniya amerikalik foydalanuvchilarning ma’lumotlarini baham ko‘rganini yoki bo‘lishishni rad etadi va AQSh qonun chiqaruvchilarini “spekulyativ” xavotirlarni ko‘tarishda ayblaydi, deya ta’kidlaydi “Reuters”.

Avvalroq Qirg‘izistondagi internet-provayderlar “TikTok"ga kirishni cheklay boshlagani haqida xabar berilgandi.

Bunga mamlakatda bolalar salomatligi, ularning intellektual, aqliy, ma’naviy va axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazilishining oldini olish bo‘yicha qonunga rioya yetmagani asos bo‘lgan.

Keyinchalik Qozog‘iston ham “TikTok"ni blokirovka qilish imkoniyatlarini o‘rganayotgani ma’lum bo‘ldi.

Mamlakat madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva platforma orqali firibgarlik, yolg‘on ma’lumot tarqatish va bezorilik holatlari ko‘payganini qayd etdi.

Shuningdek, “TikTok” Turkiyada ham taqiqlanishi mumkinligi haqida xabar berildi.

Bu haqda Turkiya Raqamli media komissiyasi raisi Husayn Yayman ma’lum qilgan.


Avvalroq “Spot” “Tesla” Xitoyda ish joylarini qisqartirishni kuchaytirayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishisha, ishdan bo‘shatish Shanxaydagi zavod muhandislari, ishlab chiqarish liniyasi ishchilari, mijozlarga xizmat ko‘rsatish va logistika xodimlariga ta’sir qiladi.