Avvalroq bozor islohotlarini tezlashtirish va O‘zbekiston milliy qonunchiligini JST bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 2026-yildan birja savdolarida sotib olingan mis katodi va mis katankasini eksport qilishga cheklovlar bekor qilinadi. Eksport belgilangan shartlar asosida amalga oshiriladi.

Eksportga yo‘naltirish maqsadida birja savdolarida xarid qilingan mis katodi va mis katankasi xarid narxiga belgilangan chegirma hamda xo‘jalik yurituvchilarga nisbatan to‘lovni kechiktirish imtiyozi qo‘llanilmaydi.

Mis katodi va mis katankasini “eksport” bojxona rejimiga joylashtirish uchun eksportga yo‘naltirilgan hajmiga xarid narxiga qo‘llanilgan chegirma summasi qaytarilganligi hamda to‘lovning kechiktirilgan qismi to‘liq to‘langanligi to‘g‘risida O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining ma’lumotnomasi taqdim etilishi shart.

Transport vazirligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan 2024-yilning 1-sentabrigacha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini hukumatga kiritadi:

  • joriy yil 1-oktabrdan bosqichma-bosqich 2025-yilning 1-apreligacha mamlakat hududida temir yo‘l transportida yuk tashishda taqdim etilayotgan chegirmalar berish amaliyotini bekor qilish;
  • temir yo‘l orqali yuklarni tashishda eksport va import tashish xizmatlari uchun tariflarni 2030-yilgacha bosqichma-bosqich birxillashtirish.

2026-yilning 1-iyulidan O‘zbekistonning “Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonuni bilan tartibga solinadigan korporativ buyurtmachilar tomonidan amalga oshiriladigan xaridlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalar bekor qilinadi.

Xususan, mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan 15%dan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi preferensiyasi hamda mahalliy ishlab chiqarilgan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarga nisbatan 20%gacha narx preferensiyasi olib tashlanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan 2024-yilning 1-noyabrigacha tegishli qonun loyihasini hukumatga kiritadi.

Davlat xaridlarini amalga oshirishda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash maqsadida 2025-yildan budjet buyurtmachilari tomonidan, jumladan, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan tuziladigan shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar tegishli tartibda G‘aznachilik xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan (hisobga olingandan) so‘ng amalga oshiriladi.

Davlat buyurtmachilari bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilishi, davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

Konsolidatsiyalashgan budjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalar hamda davlat banklari va davlat ishtirokidagi korxonalar hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish taqiqlanadi.

Bu tasdiqlangan loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari) mavjud bo‘lmaganda yoki loyiha hujjatlarini tayyorlash qurilish-montaj ishlari bilan parallel ravishda olib borilganda amal qiladi.

2023-yilning oktabridagi prezident qarori bilan temir yo‘lda yuklarni mahalliy, eksport va import yo‘nalishlarida tashish tariflariga taqdim etilgan chegirmalar bekor qilinishi belgilangandi. Shu bilan birga, ularni faqat hukumat qarori bilan taqdim etish tartibi joriy etiladi.