Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kuni geologiya sohasidagi ishlar va investitsiya loyihalari ijrosi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan 6 oyda qariyb 3 mln tonna ko‘mir qazib olindi. “Sharg‘unko‘mir"da mexanizatsiyalashgan yerosti komplekslari to‘liq ishga tushirilib, ko‘rsatkich bir kecha-kunduzda 3,5 ming tonnaga yetkazildi.

Ikkinchi yarim yillikda yana 5 mln tonnadan ziyod ko‘mir qazib olish va yillik hajmini 1,4 mlnga oshirish rejalashtirilgan. Shundan 1,8 mln tonna issiqlik elektr stansiyalariga, 1 mln tonnadan ortig‘i aholiga, 540 ming tonna ijtimoiy muassasalarga yetkazib beriladi, 1,8 mln tonna mahalliy ko‘mir birja savdolariga chiqariladi.

Nishbosh konini o‘zlashtirishga Xitoyning “Henan” kompaniyasi $400 mln to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritadi. Natijada yerosti usulida yiliga 8 mln tonnagacha ko‘mir qazib chiqarish va shundan 5 mln tonnasini boyitish rejalashtirilgan.

Konlarni o‘zlashtirishga jalb qilingan tadbirkorlar tomonidan 396 ming tonna kaolin qazib olinmoqda. Biroq buu juda kam ekanligi qayd etildi. Shu bois 2024−2025 yillarda Geologiya dasturi doirasida 7ta kon tashabbuskorlarga taklif etilib, bu qazib olish hajmi 2,7 mln tonnaga yetkaziladi.

Toshkent viloyatidagi “Apartak-3” koni negizida Turkiyaning “Bab Energy ve Petrol Urunleri A.S.” kompaniyasi bilan ish olib borilmoqda. $15 mlnlik loyiha natijasida 40ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 70 ming tonna boyitilgan kaolin tayyorlanadi.

Ilmiy va texnologik tadqiqot hamda geologiya-qidiruv ishlariga qaratilgan $40 mlnlik 34ta loyiha ishlab chiqildi. Janubiy Koreyaning “KIGAM” instituti bilan noyob minerallarni izlash, texnologik tadqiqotlar o‘tkazish va raqamlashtirish bo‘yicha $10 mlnlik grant loyihasi yuzasidan kelishuv imzolandi.

Xitoy bilan hamkorlikdagi umumiy qiymati $800 mlnlik loyihalarning borishi haqida ham axborot berildi. Davlat rahbari geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, olingan xomashyolardan qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Yil boshida prezident geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, aniqlangan zaxiralarni samarali o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. O‘zbekistonda kamyob metallar bo‘yicha $500 mlnlik loyihalar ishlab chiqilishi belgilangan.

May oyida prezident noyob metallar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi kombinat tashkil etishni topshirgandi. Ko‘mir qazib chiqarish hajmini kelasi yilda 10 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.