Joriy yilning o‘tgan davrida Raqobat qo‘mitasi tomonidan biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) bo‘yicha mingga yaqin murojaatlar o‘rganildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, “Telegram"da tashkil etilgan guruh va kanallar orqali ovqatga qo‘shiladigan BFQlar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar, suvlarning tibbiyotda davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarni davolash va oldini olishda maqbul vosita sifatida targ‘iboti kuchaymoqda.
Reklamalarda BFQlarning “ming bir xastalikka davo"si, “mo‘jizakor” ta’siri haqida chalg‘ituvchi yolg‘on yoki noaniq, bo‘rttirilgan ma’lumotlarning joylashtirilishi, taniqli shaxslar va jamoat vakillari tomonidan tavsiya qilinishi, foydalanilgani, ta’sir doirasi va terapevtik samaradorligi haqida fikrlar bildirilishi iste’molchilarning rejali davolashdan voz kechib, o‘z-o‘zini davolashga o‘tishiga, fojiali holatlarga sabab bo‘layotgani aytilmoqda.
Reklama lavhalarida diniy blogerlarning suratlari, ular ishtirokidagi video va audio lavhalardan foydalanilib, davolash uchun tavsiyalar va ko‘rsatmalar berilishi iste’molchilarda ishonchni sun’iy oshirib, noto‘g‘ri xulosa chiqarishga olib kelmoqda. Qo‘mita bunday mahsulotlarning bevosita reklamasi iste’molchilarni chalg‘itib, yanglish fikr shakllanishiga va ularni iste’mol qilishga undayotganini qayd etdi.
Qo‘mitaga shu kabi mahsulotlarni sotib olgan, biroq iste’mol natijasida sog‘lig‘i yomonlashganligi to‘g‘risida fuqarolardan murojaatlar kelib tushmoqda. Jumladan, joriy yilda BFQlar bo‘yicha 1 mingga yaqin murojaatlar ko‘rib chiqilib, iste’molchilarning 118 mln so‘m moddiy zararlari qoplab berildi.
Qonunchilikda ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning reklamasiga doir talablar belgilangan. Xususan, ular dori vositalari hisoblanib, davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi hamda sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi kerak. Bunday reklamalarda BFQlarning dori vositasi emasligi ogohlantirish bilan berilishi zarur.
Biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasiga doir talablarni buzish BHMning 30 baravari (11,25 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Raqobat qo‘mitasi belgilangan talablarning buzilishi natijasida foydalanuvchilarni chalg‘itadigan, yuridik va jismoniy shaxslarga, jamiyat hamda davlat manfaatlariga moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan reklama noto‘g‘ri reklama ekanligini eslatib, ularni tarqatish javobgarlikka asos bo‘lishini ogohlantirdi.
Avvalroq joriy yilda dorixonalar tomonidan 7 mlrd so‘m mablag‘ asossiz olingani haqida xabar berilgandi.