1996-yilda Umida Teshaboyeva Toshkent davlat madaniyat institutida kutubxonachilik bo‘yicha ta’lim olgan. Keyinchalik shu yo‘nalish bo‘yicha faoliyatini davom ettirib, 2000-yillarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida kutubxonachi bo‘lib faoliyatini boshlagan va bir necha yillardan so‘ng direktor lavozimigacha ko‘tarilgan.
Kitob mutolaa qilish uning oilasidan boshlanib, ota-onasining alohida shaxsiy kitob javoni bo‘lgan. Uning kitoblar olamiga kirib kelishiga esa volidasi turtki bo‘lgan.
Umida Teshaboyeva buni shunday eslaydi: “Onamning kitob javoni badiiy adabiyot va tilshunoslikka oid kitoblar, izohli lug‘atlar, ensiklopediyalar bilan to‘lgan bo‘lsa, dadamning javonlari biologiya sohasiga oid: ko‘proq paxtachilik, uzum va meva sabzavotchilikka oid ilmiy nashrlar va ilmiy-ommabop kitob va jurnallardan iborat bo‘lgan. Har kuni ularning mutolaa qilib o‘tirganlarini ko‘rardim”.
Kitob tavsiya qilishida Teshaboyeva har bir insonning qiziqishlari — kimgadir tabiat manzaralarining tasvirlari, kimgadir insonlarning fe’l-atvor ifodalari, yana kimlargadir voqealar rivojining jo‘shqinligi va boshqa ko‘plab jihatlarini inobatga olish lozimligini ta’kidlaydi.
Tavsiya qilgan 5 kitobim, o‘zim maza qilib o‘qiydigan kitoblar. Undan tashqari, Xolid Husayniy va Guzel Yaxinaning asarlari, xalq ertaklari hamda memuar asarlarni mutolaa qilishni barchaga tavsiya etgan bo‘lardim, deydi Teshaboyeva.
“Boburnoma”, Zahiriddin Muhammad Bobur
“Boburnoma” — adabiy va tarixiy ahamiyatga molik asar hisoblandi. Kitobda Osiyoning ko‘plab tog‘lari, daryolari, o‘rmon va cho‘llari, iqlimi, aholisi, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy ahvoli haqidagi maʼlumotlar, Boburning kechinmalari o‘rin olgan.
Asarni o‘qib borar ekansiz, tarixga bo‘lgan qiziqishingiz ham oshib boradi. O‘sha davrdagi jonli muhitga tushib qolgandek bo‘lasiz. Asardagi voqealar ketma-ketligi aniq, hayotiy va ta’sirchan yozilgan.
Memuar asarlarni o‘qiyotgan odam o‘sha shaxsning bosib o‘tgan yo‘lini ham o‘rganadi. Ular bu asarlarni yozguniga qadar gulli bog‘lardan yurishmagan, balki oyoqlari ostidagi tikanlar ham bo‘lgan. Bunday asarlarni o‘qigan odam o‘ziga katta hayotiy tajriba oladi.
Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerakki, yengil o‘qiladigan kitoblarni bo‘lsa ham o‘qing, bu yaxshi. Lekin, kitobxonning didini, saviyasini ko‘rsatadigan narsa murakkab matnlarga ega kitoblar mutolaasidir. Bunday asarlarni bir yilda, yarim yilda o‘qisangiz ham sizga katta foyda keltiradi. Murakkab asarlar sizni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishingizni ortishiga sababchi bo‘ldi.
“Martin Iden”, Djek London
Ikkinchi tavsiya qilmoqchi bo‘lgan kitobim Jek Londonning “Marten Iden” asari.
Bu asar kitob o‘qish orqali inson bilimli bo‘lishi va barcha orzu-istaklariga erishish mumkinligini isbotlaydi. Asar qahramonining tirishqoqligi, sabri, qiyinchiliklar oldida bosh egmay maqsadlarini shakllantirgani va unga qarab aniq intilishi, g‘olib bo‘lishida sobitligi menda katta taassurot qoldirgan.
Kitob insonni o‘z hayotini va orzularini qay darajada anglab yashashi, jamiyat qadriyatlari va maqsadlarning to‘qnashuvi hamda muvaffaqiyat haqida chuqur mulohaza yuritishga undaydi.
“Masxarabozni o‘ldirish” Harper Li
“Masxarabozni o‘ldirish” romani allaqachon jahon adabiyoti klassikasiga kirgan. 1960-yilda nashr etilganidan so‘ng, darhol boshqa tillarga tarjima qilingan.
Asarning bosh qahramoni Jin-Luiza (Glastik) — janubdagi kichik shahardagi advokatning qizi. Otasi Attikus nohaq ayblov qo‘yilgan qora tanli yigitni himoya qilish uchun yutqazishi ma’lum ishga qo‘l uradi.
Asar odamlar adolat tarafdori bo‘lganlarni jazolashga tayyor ekanliklari, faqat bolalar bizga insonparvarlik haqida eslatishi mumkinligi va “Masxarabozni o‘ldirish"ning boqiylik siri ana shu bolalarcha samimiyat va g‘azab, shafqatsizlik qarshisidagi tushunmovchilikda yashiringan bo‘lsa kerak.
Xulosa qilib aytganda, kitob adolat, mehr-oqibat orqali jamiyatni yaxshiroq tushunish mumkinligini isbotlaydi.
“Ufq” Said Ahmad
To‘rtinchi barcha birdek o‘qishi kerak bo‘lgan kitob — Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasi.
Asar o‘zida ikkinchi jahon urushi paytida bo‘lgan voqea va hodisalar, urush davrida dehqonlarning front ortidagi mehnati, insonlar taqdiri va urushdan keyingi voqealar haqida hikoya qiladi.
Kitob insonning milliy qadriyatlarni saqlash, mehnatsevarlik, oilaviy munosabatlar va hayotdagi murakkabliklarni yengib o‘tishga va kitobxonlarga hayotda qat’iyatli bo‘lishga hamda xalqning qadimiy merosini qadrlashga undaydi.
“Yomg‘ir. Hikoyalar to‘plami” Somerset Moem
Eng so‘ngi maza qilib mutolaa qiladigan kitobim, Somerset Moemning hikoyalari. Yozuvchi jahon adabiyotida realistik hikoyalarning mohir ustasi sifatida shuhrat qozongan.
Hikoyalarida yozuvchi kitobxonni inson ruhiyatining murakkab dunyosiga olib kirib, hayotga yangicha nazar bilan ham kuyinib, ham kulib qarashga majbur etadi. Adib asarlariga xos bo‘lgan jonli, aniq-tiniq, rostgo‘y va samimiy til ularning katta qiziqish bilan o‘qilishini ta’minlagan.
Kitob o‘quvchini insonning haqiqiy tabiatini anglash va atrofdagi dunyoga chuqurroq nazar tashlashga chaqiradi.