Tergov qilish davomida aniqlangan kripto-aktivlarni olib qo‘yish tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha yo‘riqnoma 25-dekabr kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjat bilan, kripto-aktivlar tergovga qadar tekshiruv va jinoyatlarni tergov qilishda xatlash, musodara qilish, yetkazilgan zararni qoplash uchun olib qo‘yilishi hamda dalil sifatida e’tirof etilishi mumkin.

Tekshiruv va tergov harakatlari kripto-aktivlar bilan ishlash ko‘nikmalariga ega mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilishi shart.

Quyidagi ma’lumotlar kripto-aktivlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid axborot manbalari bo‘lishi mumkin:

  • shubhali operatsiyalar to‘g‘risidagi xabarlar;
  • xizmatlar provayderlari va maynerlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar;
  • nazorat qiluvchi (litsenziyalovchi) organlarning ma’lumotlari;
  • ochiq axborot manbalaridan olingan ma’lumotlar.

Kripto-aktivlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ma’lumotlar va dalillar axborot tashuvchi qurilmalar, kripto-hamyonlar, qog‘oz, bloknot yoki boshqa narsa va buyumlardagi qo‘lyozma hamda yozuvlarda aniqlanishi mumkin.

Olib qo‘yilgan, xatlangan va dalil sifatida belgilangan kripto-aktivlarning hisobi surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan yuritiladi.

“Spot” Buxoroda 17 yoshli yigit $2,7 mlnlik kriptovalyuta muomalasi uchun qo‘lga olingani haqida xabar bergandi. Undan keyin IIV matbuot kotibi bu jinoyat ishi to‘g‘risida chiqishlar qilayotgan ayrim tarmoq foydalanuvchilarini o‘z harakatlari bilan jamoatchilikni chalg‘itmaslikka chaqirdi.

Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlariga litsenziya berganlik uchun davlat boji miqdorini belgilagandi.