Buxoroda noqonuniy tarzda kriptovalyuta orqali qariyb $2,7 mln ishlagan o‘smir ushlandi. Bu haqda “Milliy” telekanalidagi “Millar” ko‘rsatuvida ma’lum qilingan.
Unga ko‘ra, Buxoro viloyati Jondor tumanida yashovchi 17 yoshli o‘smir belgilangan tartibda litsenziya olmasdan jami 34 mlrd so‘mga teng bo‘lgan kripto-aktivlarni olish, o‘tkazish va ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB tezkor-qidiruv xizmati kiberxavfsizlik xodimlari tomonidan kriptovalyutalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278−8-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Joriy yilning iyun oyida surxondaryolik talaba kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shug‘ullangani uchun 10 sutkaga qamaldi. U “Telegram” orqali notkoinni 800 ming so‘mga sotgan.
Iyul oyida Navoiyda yashovchi 21 yoshli yigit ham noqonuniy ravishda 20 mingta notkoinni $150ga sotgani aniqlandi. Natijada, mazkur shaxs aybdor deb topilib, unga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi berilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yanvar oyida qo‘shilgan va aprel oyidan kuchga kirgan 155−4-moddasida kripto-aktivlarni noqonuniy olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash bilan bog‘liq javobgarlik belgilangan. Unda 15 sutkagacha ma’muriy qamoq yoki BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (7,5−11,25 mln so‘m) jarima solish nazarda tutilgan.
Avvalroq “Spot” Samarqandda mayning ferma $2,2 mlnlik elektr energiyasini talon-toroj qilgani haqida yozgandi. Oilaviy korxona binosining yon qismidagi yerto‘lada joylashgan 89ta qurilma orqali elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.