“O‘zenergoinspeksiya” Samarqand viloyatida yirik miqdorda elektr energiyasini talon-toroj qilgan mayning fermani fosh etdi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Inspeksiyaning hududiy boshqarmasi, IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi, DXX, IIB va viloyat prokuraturasi ishtirokida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Natijada, Ishtixon tumanida “M.G.M.” oilaviy korxonasiga qarashli binoning yon qismida joylashgan yerto‘lada umumiy quvvati 244,4 kVtni tashkil etuvchi 89ta mayning qurilmasi aniqlandi. Bu qurilmalar orqali elektr hisoblagichdan tashqari taqmoqqa to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib, noqonuniy foydalanib kelingan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 28,9 mlrd so‘mlik ($2,25 mln) elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi ma’lum bo‘ldi.

“O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmatining qayd etishicha, holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Oktabr oyi boshida ham Samarqandda 55ta qurilmadan iborat noqonuniy mayning ferma aniqlangandi. Noqonuniy foydalanilgan elektr energiyasi qiymati 5,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, Navoiy shahrida bu kabi qurilmadan qonunga qarshi ravishda foydalanish natijasida 106,5 mln so‘m, Yuqori Chirchiq tumanida esa 139,9 mln so‘mlik elektr talon-toroj qilingan.

Avvalroq Toshkentda energiya resurslaridan nooqilona foydalanishga qarshi reydlar o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.