O‘zbekistonda 30 ga yaqin davlat xizmatlari xususiy sektorga beriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

So‘nggi uch yilda 27 turdagi davlat xizmatlari tadbirkorlarga berildi. Lekin vazirliklarda bu yo‘nalishda hali qilinadigan ishlar juda ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Davaktiv agentligi rieltor va baholovchini imtihondan o‘tkazish, toifa berishni, Turizm qo‘mitasi gidlarga malaka sertifikati berish xizmatini, Agrosanoat inspeksiyasi qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalarni majburiy ko‘rikdan o‘tkazishni xususiy sektorga berishi mumkinligi ta’kidlandi. Boshqa vazirlik va idoralarda ham tadbirkorlar bemalol qila oladigan xizmatlar juda ko‘pligi aytildi.

Mutasaddilarga joriy yilning 1-martigacha 11 ta, 1-oktabrgacha yana 18 ta davlat xizmatini xususiy sektorga berish choralarini ko‘rish topshirildi.

Har bir vazirlik o‘z tizimidagi qaysi xizmatni xususiy sektorga, jumladan autsorsingga berish va yangi xizmatlarni joriy qilish mumkinligi bo‘yicha taklif tayyorlashi kerak. Bunga Raqobat qo‘mitasi mas’ul bo‘ladi.

Tadbirkorlarda yer uchastkalari va davlat mulkini ijaraga olish yoki xususiylashtirish shartlari bo‘yicha savollar ko‘pligi bois, bu borada ochiq, shaffof, manfaatli shartlarni ishlab chiqish va e’lon qilish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda kreativ sohalar — IT, turizm, loyiha, dizayn, injiniring kabi xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha aniq ish va natija kerakligi qayd etildi.

Yangi farmon bilan 1-martdan 6 oy davomida sotilmagan 10 ming kv.metrgacha bo‘lgan davlat obyektlari tadbirkorlarga 10 yilga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi. Ijara to‘lovi to‘rt yil davomida vaqtida to‘lansa, joy ularga xususiylashtirib beriladi.

Yoshlarni IT va chet tiliga o‘qitib, xalqaro tan olingan sertifikat beradigan tadbirkorlar esa birinchi yil ijara to‘lamasligi belgilandi. Joriy yil har bir viloyatda 5 tadan davlat obyektini tadbirkorlarga ijaraga berib, kamida 100 ming yoshlarni IT va chet tiliga o‘qitish zarurligi ta’kidlandi.

Masofaviy xizmatlar eksportini oshirish uchun faqat texnik xizmat ko‘rsatish bilan cheklanmay, buxgalteriya, konsalting, sug‘urta, yuridik va boshqa professional xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yish kerakligi qayd etildi.

Mutasaddilarga xorijiy davlatlarning xizmatlar importini va talablarini tahlil qilib, o‘quv dasturlarini shunga moslash va tegishli mutaxassislarni tayyorlash topshirildi. Bu yil kreativ iqtisodiyotdagi startap loyihalar uchun $50 mln ajratildi.

Masalan, “Amazon"da ishlab, Nukusga qaytib kelgan Beknazar Abdukamolov startap loyihasiga “Facebook"dan $3 mln jalb qilgani uchun hozir aktivlari $15 mlnga baholanmoqda.

Raqamli texnologiyalar vazirligiga dunyoning yirik IT-kompaniyalarida ishlayotgan yoshlar bilan birgalikda startap loyihalarini amalga oshirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. 2025-yilda IT-xizmatlari hajmini 30% ga o‘stirib, 80 trln so‘mdan, eksportini $1 mlrddan oshirish zarurligi ta’kidlandi.