2022-yil kuzida “Yagona umumrespublika protsessing markazi"ning 25%lik ulushiga ega bo‘lgan “UZCARD"ning to‘rtta hammuassisi imtiyozli huquq asosida kompaniyaning 75%lik davlat ulushini 210 mlrd so‘mga sotib olishgan.

Bir yil o‘tgach, to‘rt hammuassisdan uchtasi ta’sischilar safini tark etib, kompaniyaning 75%i esa Birlashgan Arab Amirliklaridagi “Berill Holding Company Limited"ga tegishli bo‘lgan “IMC-Capital” ixtiyoriga o‘tdi.

2024-yilning yozida “UZCARD” bosh direktori vakolatlari to‘lov tizimining ta’sischilariga tegishli bo‘lgan “UCMG” kompaniyasiga ishonchli boshqaruvchi sifatida o‘tkazildi. Shundan so‘ng, “UCMG” rahbari bo‘lgan David Melikidze Olimjon Zokirovning o‘rnini egallab, “UZCARD” boshqaruvini o‘z zimmasiga oldi.

“UCMG” bosh direktori David Melikidze “Spot"ga bergan intervyusida O‘zbekistonga ishlash uchun nima sababdan ko‘chib kelgani, so‘nggi besh yil ichida fintex bozori qanday o‘zgarishlarga uchragani, “UZCARD” va “Humo” tizimlarining integratsiyasi, shuningdek, UCMG ekotizimining yaratilishi hamda “Uzcard"ning xorijiy bozorlarga chiqish rejalari haqida so‘zlab berdi.

Intervyuning video-versiyasi rus tilida:



David, karyerangizning asosiy qismini Gruziyada o‘tkazgansiz. So‘ngra, 2020-yilda olti oy davomida Litvada ishlab, keyin O‘zbekistonga keldingiz. Nima sababdan bizning mamlakatimizni tanladingiz?

Ilgari O‘zbekiston haqida umuman bilmasdim. 2020-yilda Litvada raqamli bank bilan bog‘liq juda ajoyib loyiha ishga tushirildi. Biroq 2020-yilning aprel oyida COVID-19 pandemiyasi sababli investorlar loyihani to‘xtatib qo‘yishdi. Shunda meni “TBC Bank"ga O‘zbekistonda raqamli bankni rivojlantirish ustida ishlaydigan jamoaga taklif qilishdi. Toshkentga 2020-yilning sentyabr oyida, karantin cheklovlari endigina bekor qilina boshlagan paytda kelganman.

O‘zbekistondagi “TBC"ga kelganingizda, dastlab bank sohasida faoliyat yuritgansiz, keyinchalik esa “Payme” to‘lov tashkilotiga o‘tgansiz. Vazifalaringiz nimalardan iborat bo‘lgan?

Loyihani noldan yaratayotganda vaqtning ko‘p qismi menejmentga sarf bo‘ladi. Moliyaviy direktor lavozimida ishlaganman, biroq jamoamiz kichik bo‘lgani sabab barcha ishlar bilan shug‘ullanishimga to‘g‘ri kelardi. Raqamli bankning moliyaviy ishlari va biznes jarayonlarini modellashtirish bilan band bo‘lsam-da, vazifalarim faqat moliya doirasida cheklanib qolmasdi — jamoa bilan bir-birimizni turli yo‘nalishlarda to‘ldirib turardik.

Nima sababdan “TBC"dan ketishga qaror qilgansiz?

Bank-moliya sohasida 20 yilga yaqin ishladim. Karyerada shunday payt keladiki, yanada murakkab va ambitsyali loyihaga qo‘l urishni xohlaysiz. “TBC"dan ketayotganimda Nika Kurdiani, Oliver Xyuz O‘zbekistonga ko‘chib kelgan, u yerda jamoa allaqachon shakllangandi. Loyiha yo‘lga qo‘yilib, “Payme"ni to‘liq sotib olgan hamda transformatsiyaning birinchi bosqichini amalga oshirgan edik. Shunda o‘zimga: nima sababdan yanada murakkabroq vazifani zimmamga olmasligim kerak?, degan savol bilan yuzlandim.

“UZCARD"ga o‘tishingizdan oldin sizga yana qanday joylardan takliflar bolgan?

Takliflar asosan Yevropa mamlakatlaridan, jumladan Fransiya va Germaniyadan bo‘ldi. Ammo Yevropa bozorlari allaqachon barqarorlashgan, u yerda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi kabi o‘sish sur’ati yo‘q. Shu sababli bu mintaqani tanladim.

Masalan, Tojikistondan taklif keldi. U yerda bir necha kun davomida raqamli bankka aylanishni istagan banklardan biri bilan muzokaralar olib bordim. Qozog‘iston va O‘zbekiston banklaridan ham takliflar bo‘ldi, lekin oxir-oqibat “UZCARD"ni tanlashga qaror qildim.

Nima uchun “UZCARD"ni tanladim? To‘lov tizimi sifatida kompaniya barcha banklarga xizmat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, “UCMG” kompaniyalar guruhimizning eng yirik aktivi “UZCARD” bo‘lib, o‘z boshqaruvi ostida yana 11 ta kompaniyani birlashtiradi. Bu yangi yo‘nalish va aynan men izlayotgan chaqiriq edi.

bank, david melikidze, humo, uzcard

Foto: Iskandar Mirzaxmedov / Spot

2020-yil O‘zbekistonga kelgan paytingizdan beri mahalliy fintex bozori qay darajada o‘zgardi?

Bozor raqamlashib bormoqda. Iste’molchilar tajribasi va kundalik operatsiyalar ko‘proq onlayn tarzda amalga oshirilmoqda. COVID-19 pandemiyasi bu jarayonda hal qiluvchi rol o‘ynadi: karantin paytida odamlar raqamli xizmatlardan faol foydalanishni boshladilr. Respublikada olib borilayotgan islohotlar esa jarayonga yanada turtki berdi. Misol uchun, regulyator fuqarolarga jismoniy imzosiz, masofadan turib bank hisobvaraqlarini ochishga ruxsat berdi. Bu muhim yutuq hisoblanadi, chunki boshqa ko‘plab mamlakatlarda bunday imkoniyat hali ham mavjud emas.

Davlatning raqamlashtirishga faol e’tibor qaratishi yana bir muhim jihatdir. Bunga misol qilib, mijozlarni OneID yoki MyID orqali mizojni masofadan identifikatsiya qilish tizimini keltirish mumkin. Bu moliyaviy xizmatlardan foydalanishni sezilarli darajada osonlashtiradi.

Yana bir asosiy omil ochiq banking infratuzilmasini yaratish hisoblanadi. Bu tizimda mijoz bir bank kartasini istalgan boshqa bank ilovasiga osongina ulash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday holda, mijozni jalb qilish xarajatlari sezilarli darajada pasayadi. Natijada, bozorga yangi ishtirokchilar kirib keladi, raqamli kanallar oddiy holga aylanib, iste’molchilar uchun to‘siqlar bartaraf etiladi. Mazkur uch omil O‘zbekistonning fintex-ekotizimini tubdan o‘zgartirib yubormoqda.

To‘lov tizimlariga davlat egalik qilishi kerakmi yoki ularni xususiylashtirgan ma’qulmi?

Davlat to‘lov tizimi yoki boshqa tashkilotga egalik qilganda, u foyda olishga emas, balki boshqa maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Davlat kompaniyasi xususiy kompaniyalar bilan raqobatlashganda, bizda samaradorlikning boshqacha ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘ladi. Xususiy kompaniyalarning o‘zaro raqobati afzalroq, chunki bu davlat kompaniyalari bilan raqobatlashishga qaraganda sog‘lomroq raqobatni yuzaga keltiradi. Shu sababli, xususiylashtirish yo‘nalishini to‘g‘ri deb hisoblayman.

Yaqinda “Humo” to‘lov tizimi “Paynet” to‘lov xizmati tomonidan xususiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu bitim haqida qanday fikrdasiz? Davlat to‘lov tizimlari faoliyatini qay tarzda tartibga soladi?

O‘zbekistondagi kabi bozor tez o‘sib, ko‘plab ishtirokchilar paydo bo‘lganda, doimo qo‘shib olish va birlashish (M&A) bosqichi bo‘ladi. Bu bosqichda yirik ishtirokchilar kichik kompaniyalarni sotib oladi yoki ikki ishtirokchi birlashadi. Bizda ham shu trend kuzatilmoqda: “Uzum bank” yetkazib berish xizmati va marketpleysni o‘z ichiga olgan ekotizimni qurdi. “TBC” “Payme"ni, “Paynet” esa “Humo"ni sotib oldi. Bu nimaga sodir bo‘lmoqda? Kompaniyalar birlashganda, ular sinergiyanitopadilar, mahsulotlar qatorini kengaytirib, mijozlarga taklif qiladigan qiymatlarini oshiradilar.

Moliyaviy sektor iqtisodiyotning boshqa sohalariga nisbatan ancha qattiq nazorat qilinadi. Markaziy bank, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tartibga soluvchi organlar sifatida faoliyat yuritadi. Ushbu nazorat organlari o‘z vazifalarini samarali bajarmoqda. Misol uchun, “UZCARD” tranzaksiyalar bo‘yicha turli tariflarni belgilash imkoniyatiga ega emas — bu qoida “Humo” tizimiga ham taalluqlidir.

Texnologik inqilob qilmagan yoki bozorda o‘ziga xos taklif tayyorlamagan kichik fintex-kompaniyalari tezroq rivojlanish uchun yirik tashkilotlar bilan birlashishga to‘g‘ri kelmoqda.

Kimni kuchliroq raqobatchi deb bilasiz: “Humo” yoki xalqaro to‘lov tizimlarini?

“Visa” va “Mastercard” bilan raqobatlashadigan sohalar ham, hamkorlik qiladigan yo‘nalishlar ham mavjud. Masalan, “Mastercard” bilan birgalikda kobeyjing kartalarini chiqaramiz. “Visa"ni hamkor sifatida o‘z ekvayringimizda (POS-terminallar va bankomatlar) qabul qilsak-da, karta chiqarish sohasida bir-birimizga raqibmiz.

“UZCARD” va “Humo” to‘lov tizimlarining integratsiyasi yakunlandimi?

Bu jarayonda bir necha bosqichlar mavjud. Dastlabki bosqichda bankomatlarni integratsiya qildik, shunda ular har ikkala to‘lov tizimining kartalarini qabul qila oladigan bo‘ldi. Hozirda savdo ekvayringini birlashtirish masalasi muhokama qilinmoqda, biroq buning uchun vaqt talab etiladi va texnik jihatlarni kelishib olish lozim.

bank, david melikidze, humo, uzcard

Foto: Iskandar Mirzaxmedov / Spot

2024-yil “UZCARD” uchun moliyaviy nuqtai nazardan qanday kechdi?

O‘tgan yil bozorning tabiiy o‘sishi, yangi mahsulotlarning joriy etilishi va qo‘shimcha kartalar chiqarilishi tufayli muvaffaqiyatli bo‘ldi. 2024-yilda “UZCARD” 4 mlndan ortiq bank kartalarini muomalaga chiqardi — bu biz uchun samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.

“UZCARD” va “Humo” bozor ulushining qancha qismini egallaydi?

Umuman olganda, bozorni taxminan teng — 50 ga 50 taqsimlaymiz. Bu POS-terminallar, tranzaksiyalar va boshqa toifalarga taalluqli. Ba’zi segmentlarda “UZCARD” 60%, Humo 40% ulushga ega bo‘lishi mumkin yoki aksincha. Ammo asosan ulushlar teng taqsimlangan: bu shunday bo‘lishi lozim.

To‘lov tizimlarining foydasini taqqoslaydigan bo‘lsak, “UZCARD” ko‘rsatkichi “Humo"nikidan ancha yuqori. Bozordagi ulush taxminan bir xil bo‘lsa-da, bunday farqning sababi nimada?

Farq shundaki, “Humo” avval butunlay davlatniki bo‘lgani uchun foyda olishga intilmagan. “UZCARD” esa xususiy kompaniya sifatida daromadlilikni e’tibordan chetda qoldira olmaydi. “Humo"da xizmat haqlari sezilarli darajada past bo‘lganligi sababli ikki to‘lov tizimining foyda miqdori keskin farq qilgan. “Humo” xususiylashtirishdan so‘ng qanday yo‘l tutishini bilmayman, ammo xizmat haqi bo‘yicha qandaydir o‘zgarishlar kiritilishi muqarrar.

Ikkinchi xususiylashtirishdan keyin “UZCARD” to‘rt nafar jismoniy shaxsga teng ulushlarda tegishli bo‘lgan. 2024-yil avgustidan boshlab u “UCMG” kompaniyasining ishonchli boshqaruviga o‘tkazilgan. Bu nimani anglatadi?

Aytganimdek, hozirgi kunda bozorda kompaniyalarni birlashtirish jarayoni ketmoqda. Bizda ham xuddi shunday holat — aksiyadorlar bir-biriga o‘xshash ko‘plab bizneslarni yagona tuzilmaga birlashtirishga qaror qilgan, ularning maqsadi o‘rtasidagi sinergiyani topish. Buning uchun o‘xshash bizneslarni, asosan fintex-kompaniyalarini birlashtiruvchi boshqaruv kompaniyasi tashkil etildi.

Biz kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishimizni belgilovchi yagona strategiya ishlab chiqdik. Bu mijozlar va banklarga yanada ko‘proq manfaat keltiradi, chunki “UCMG” ekotizimning keng qamrovli xizmatlarini taklif etib, mijozlarga yo‘naltirilgan yondashuvni kuchaytiradi.

Vaqti-vaqti bilan “UZCARD” tizimida “Humo” tizimida bo‘lgani kabi nosozliklar yuz bermoqda. Bunday texnik muammolarning sababi nimada? Ularning oldini olish mumkinmi?

Maqsadimiz — uzilishlar ehtimolini butunlay yo‘qotish. O‘tgan yili uchta uzilish yuz berdi va mijozlar buni sezishdi. Agar “UZCARD” atigi 5 daqiqaga to‘xtab qolsa butun mamlakat bo‘ylab foydalanuvchilarga ta’sir ko‘rsatadi, natijada biz mijozlarning ishonchini yo‘qotamiz.

Nosozliklarni kamaytirish — katta sinov. O‘tgan yili ular faqat uchta bo‘lganini yutuq deb hisoblamayman, chunki ideal holatda ular umuman bo‘lmasligi kerak. Bu yil nosozliklar mutlaqo sodir bo‘lmasligiga harakat qilyapmiz.

Texnologik kompaniyalarda, ayniqsa O‘zbekiston singari o‘sib borayotgan bozorlarda, uzilishlar yuz berib turadi. Tranzaksiyalar aylanmasi shunchalik tez sur’atda o‘sayotgan bir paytda, biz tizimni bir soniya ham to‘xtatmasdan quvvatlarni oshirishimiz va infratuzilmani takomillashtirishimiz zarur bo‘lmoqda.

bank, david melikidze, humo, uzcard

Foto: Iskandar Mirzaxmedov / Spot

O‘tgan yili Hindistonning “Unified Payments Interface” va “UnionPay” to‘lov tizimlari “UZCARD” bilan integratsiyalashish rejalari haqida ma’lum qilgan edi. Ushbu hamkorlikning mohiyati nimada va hozirgi kunda integratsiya jarayoni qaysi bosqichda?

Bunday xalqaro kompaniyalar, eng avvalo, o‘z mijozlariga nafaqat o‘z mamlakatida, balki chet elda ham kartalaridan foydalanish imkoniyatini yaratishga harakat qiladi. Masalan, O‘zbekistonga o‘qishga keladigan Hindiston fuqarolari to‘lov qilishda qiyinchiliklarga duch kelmasliklari va bu yerda o‘zlarining bank ilovalaridan bemalol foydalana olishlari uchun. Bu jarayon Host-to-Host integratsiyasi deb ataladi.

Hozirda biz QR-to‘lovlarni “Unified Payments Interface” (UPI) bilan integratsiyaladik. Bu ekvayring tizimlarimizga QR-kodlarni o‘qish va UPI mijozlaridan to‘lovlarni qabul qilish imkonini beradi. Keyingi bosqich — hamkorlikdagi bank kartalarini chiqarish bo‘ladi.

Yaqinda Qirg‘izistonning “Elkart” to‘lov tizimi “UZCARD” bilan integratsiyalashishga tayyorgarlik ko‘rayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu keyinchalik qo‘shni mamlakatda mahalliy kartalar bilan to‘lov qilish imkoniyatini yaratadimi?

Bu shuni anglatadiki, “UZCARD” kartalari Qirg‘izistonda, “Elkart” tomonidan chiqarilgan kartalar esa O‘zbekistonda qabul qilinadi. Hozirda biz integratsiya jarayonini yakunlayapmiz. Bundan tashqari, biz Qozog‘iston to‘lov tizimlari bilan faol ishlamoqdamiz, Ozarbayjon bilan muzokaralarni boshlamoqdamiz va Turkiya haqida o‘ylamoqdamiz. Bizning e’tiborimiz o‘zbekistonliklar eng ko‘p boradigan mamlakatlarga qaratilgan.

Hozirda kontaktsiz to‘lov usullari, xususan QR-kodlar ommalashayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda? To‘lov usullarida yana qanday trendlar kuzatilmoqda? Kelajakda jismoniy kartalar butunlay chiqarilmasligi ham mumkinmi?

Menimcha, “Z” avlod virtual kartalardan maksimal darajada foydalanadi. Keyingi avlod “Alfa” jismoniy karta yoki bank filiali nima ekanligini bilmaydi ham. Kelajakda Audio Banking yoki SI-yordamchilar paydo bo‘lishi mumkin, ular to‘lovlarni ovozli buyruqlar bilan amalga oshirish imkonini beradi. “Beta” avlodida to‘lov butunlay boshqacha bo‘ladi — ehtimol, hozir bizga noma’lum usullar bilan. Jismoniy ko‘rinishdagi karta yana taxminan 10 yil muomalada bo‘ladi, lekin vaqt o‘tgani sari ularning soni tobora kamayib boradi.

“UZCARD” kompaniyasi 2025-yil va yaqin istiqbolga qanday rejalarni amalga oshirishni maqsad qilgan?

“UZCARD"ni nafaqat Markaziy Osiyoda, balki katta o‘zbek diasporasi istiqomat qiladigan yoki o‘zbekistonliklar tez-tez boradigan boshqa mamlakatlarda ham qabul qilinadigan xalqaro to‘lov tizimiga aylantirmoqchimiz. Boshqa rejalar qatorida mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatni imkon qadar takomillashtirish, nosozliklar sonini kamaytirish, yangi mahsulotlar yaratish, “Visa” va “Humo” bilan raqobatlashish, shuningdek, iste’molchilar manfaatlarini ko‘zlab ular bilan hamkorlik qilish ham bor.

Uzoq muddatli istiqbolda faol xalqaro o‘yinchiga aylanishni maqsad qilganmiz. AQShda “Square”, “Stripe”, “Fiserv”, “Elavon”, “Adyen” kompaniyalari bor, nima uchun “UZCARD” ham ularga o‘xshamasligi kerak? Bizda ambitsiya va g‘ayrat, shuningdek, buni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan boshqaruv jamoasi mavjud. Shu yo‘nalishda harakatlanishda davom etamiz.