O‘zbekistonda bir necha marotaba kechiktirilgan davlat banklarining xususiylashtirilishi yana kechiktirilishi mumkin. Bu haqda 16-aprel kuni Fitch Ratings konferensiyasida agentlikning bank sektori direktori Pavel Kaptel ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Fitch vakili 2025-yil oxirigacha Aloqabank, Asakabank va O‘zsanoatqurilishbankni sotish vazifasini “katta ambitsiya” deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, hukumat, Markaziy bank va davlat banklari investorlar bilan bitim tuzish uchun oldindan tayyorgarlik ishlarini amalga oshirmoqda.
“Ammo bizning bazaviy ssenariyimizga ko‘ra, bu yilning o‘zida uchta bankni ham sotish ancha qiyin bo‘ladi. Taxminimizcha, kamida 1−2 ta bankning sotilishi kelgusi davrga qoldirilishi mumkin”, — dedi Pavel Kaptel.
Uning qayd etishicha, jahon moliya bozorlaridagi bugungi noaniqlik sharoitida rivojlanayotgan bozorlarga, xususan O‘zbekistonga “xorijiy investorlarning barqaror qiziqishi mavjudligi” davlat banklarini xususiylashtirishning muhim sharti hisoblanadi.
Davlat banklarini xususiylashtirish
2019-yilning aprel oyida prezident O‘zsanoatqurilishbank aksiyalari paketini birlamchi (IPO) va Aloqabanknikini ikkilamchi (SPO) taklifga qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bir yil o‘tib, 2020-yilda davlat rahbari YTTB va boshqa xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda 6 ta bankdagi davlat ulushlarini bosqichma-bosqich sotish rejasini tasdiqladi.
Ayni paytda hujjatda ko‘rsatilgan kredit muassasalaridan faqat bittasini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Vengriyaning OTP banki 2022-yil oxirida Ipoteka-bank'ning 75% ulushini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi va yarim yildan so‘ng bitimni yopdi. 2023-yil dekabr oyida OTP Bank yangi sho‘ba bankini qo‘shimcha kapitalizatsiya qildi va o‘tgan yozda minoritar aksiyadorlar bilan muzokaralarni boshladi.
2022-yilda tasdiqlangan xususiylashtirish dasturida o‘sha yilning oxirigacha Asakabank va O‘zsanoatqurilishbank ulushlarini ommaviy savdolarga chiqarish belgilangandi. Shuningdek, Aloqabank va boshqa kredit tashkilotlarini IPOga chiqarish vazifasi qo‘yildi. Biroq, 2023-yil avgust oyida ulushlarni sotish muddati 2024-yil oxiriga ko‘chirildi, keyin esa 2025-yil oxirigacha uzaytirildi.
Shu bilan birga, Fitch tahlilchilari biznes modellarining davom etayotgan transformatsiyasi tufayli banklarni xususiylashtirish kechikishi kutilayotganini ma’lum qildi. Keyinroq agentlik YTTB va boshqa xalqaro tashkilotlar minoritar aksiyadorlar sifatida ishtirok etganda aktivlarni sotish istiqbollari yaxshilanishi mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, S&P ham xususiylashtirish “vaqt talab etishini” bildirdi.
2024-yilning may oyida YTTB xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Asakabankka investitsiya kiritishi mumkinligini ma’lum bo‘ldi. Davlat bankiga institutsional o‘zgarishlar va korporativ boshqaruvni isloh qilishda yordam beriladi.
Avvalroq banklar garovga qo‘yilgan mulkni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozor narxida sotishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.