Vengriyaning “OTP Bank"i “Ipoteka bank"ni sotib oldi. Bu bo‘yicha, tomonlar o‘rtasida shartnoma imzolandi.

Unga ko‘ra, Vengriya banki endilikda “Ipoteka bank"ning 75% davlat ulushiga egalik qiladi.

Xususan, Moliya vazirligiga tegishli 100% aksiyalarni (aksiyalarning umumiy paketining qariyb 97%) ikki bosqichda sotib olishi belgilangan. Aksiyalarning 75% hozir, qolgan 25% esa birinchi bitim moliyaviy yopilganidan uch yil keyin sotiladi. Birinchi bitimning moliyaviy yopilishi 2023-yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi kutilmoqda.

“Uzoq muddatli maqsadimiz “OTP Group"ni O‘zbekiston bank bozorining asosiy ishtirokchisiga aylantirishdir. O‘zbekistonda boshlangan islohotlar “OTP Bank” tarixida yangi sahifa ochish uchun ajoyib imkoniyat yaratmoqda. “OTP Group” hozirda Yevropaning 11 mamlakatida faoliyat yuritadi. O‘zbekiston kelishuvi bizning 36 mln kishilik bozorga kengayishimizni davom ettirmoqda. Bu xarid ham biz uchun yangi va murakkab vazifadir”, dedi boshqaruv raisi Shandor Chanyi.

Bundan tashqari, “OTP Bank” va “IFC” o‘rtasida “Ipoteka bank"da kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi ham imzolandi. Hujjatga ko‘ra, OTP Bankni yangi yirik aksiyador sifatida qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni davom ettirish niyatini tasdiqlaydi.

O‘tgan yili “Ipoteka bank"ning 75% ulushini Vengriyaning “OTP Bank"iga sotish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.

Joriy yilning bahorida esa bank Ukrainadagi harbiy harakatlar tufayli xaridni to‘xtatdi. Keyinchalik bankning top-menejeri Laslo Benchik bank “ishtahasini yo‘qotmagani"ni va kelishuvga qaytishga tayyorligini ta’kidladi.

Noyabr oyida esa Vengriya tomoni qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazayotgani va aktivning holatini o‘rganayotgani ma’lum bo‘lgandi. Shuningdek, bank O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirganligi sabab bitimning amalga oshish ehtimoli yuqoriligi bildirilgandi.

“Biz “Ipoteka bank"ni juda jozibador investitsiya imkoniyati, deb hisoblaymiz. Mart oyida urush boshlangach, jarayonni to‘xtatganimizdan so‘ng uning jozibadorligi yanada oshdi”, — dedi Benchik.

OTP Bank Markaziy va Sharqiy Yevropa moliyaviy xizmatlar bozorining xalqaro moliyaviy guruhi tarkibiga kiradi. Bank korporativ mijozlar va jismoniy shaxslar uchun keng turdagi bank xizmatlari va mahsulotlarini taqdim etadi.

Ipoteka bankning aktivlar hajmi bo‘yicha bozor ulushi 8,5% chakana mijozlar soni 1,6 mlndan ortiq. Shuningdek, hududiy markazlar sifatida faoliyat yuritayotgan 39 ta filial, 193 ta mijozlarga xizmat ko‘rsatish shohobchalari mavjud.


Avvalroq, YeTTB O‘zbekiston banklarining xususiylashtirish jarayonini keyingi yilga qoldirishni maslahat qilgandi.