Mart oyida prezident Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan edi. Moliya vazirligiga bank sohasida davlat ulushini qisqartirishni davom ettirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Jumladan, yil oxirigacha “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asakabank"ning davlat ulushlarini sotuvga qo‘yish, bu jarayonga Xalqaro moliya korporatsiyasi, YeTTB va OTBni jalb etish rejalashtirilgan edi.

2023-yil 1-iyulga qadar esa “Xalq banki”, “Mikrokreditbank”, “Aloqabank”, “Agro bank” va “O‘zmilliybank"larning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini tashkillashtirilishi kerak.

YeTTB banklarni xususiylashtirish jarayonini biroz surishni maslahat bermoqda. Bu haqda 29-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bank vitse-prezidenti Yurgen Rigterink ma’lum qildi, deb xabar beradi “Spot” muxbiri.

“Yaqinda O‘zbekistondagi ayrim banklar, jumladan, xususiylashtirishga tayyorlanayotganlari — „O‘zsanoatqurilishbank“ va „Asakabank“ rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdik. Biz ular bilan va boshqa bir qancha banklar bilan ko‘p yillardan buyon ishlaymiz”, — dedi Yurgen Rigterink.

Xususiylashtirish haqida gapirar ekan, YeTTB birinchi vitse-prezidenti bu jarayon katta ijtimoiy mas’uliyat bilan amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiylashtirish ko‘pincha xodimlarni qisqartirishni anglatadi.

“Masalan, yaqinda 100 ming aholi istiqomat qiladigan shaharda 10 mingga yaqin kishi mehnat qilayotgan korxona rahbari bilan yig‘ilish o‘tkazdik. Ya’ni, bunday korxona xususiylashtirilganda, birinchi navbatda, ushbu shahar aholisi aksariyat qismining turmush darajasi zarar ko‘radi. Shuning uchun, tayyorgarlik masalasi juda ko‘p vaqt talab qilishi mumkin”, deya tushuntirdi Rigterink.

Shu munosabat bilan u YeTTB joriy yil uchun rejalashtirilgan banklarni xususiylashtirishni keyingi yilga qoldirishni maslahat berishini taʼkidladi.


Avvalroq “Spot” YeTTB O‘zbekistonning po‘lat ishlab chiqarish sektori rivojiga $15 mln kredit ajratishi haqida xabar bergandi.