Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri Jamshid Qoʻchqorov Toshkentdagi xalqaro forumda mamlakatdagi xususiylashtirish jarayonlariga toʻxtalib oʻtdi.

Uning taʼkidlashicha, oxirgi 4−5 yilda tashqi qarz miqdori haqiqatan ham oshdi. Ammo 2021-yildagi raqamlarga eʼtibor qaratilsa, bu koʻrsatkich asta-sekin barqarorlashayotganini koʻrish mumkin. Yaqin muddatda Navoiy kon metallurgiya kombinatida ham katta xususiylashtirish ishlari olib boriladi.

“Bizga 10dan ortiq davlat banklari kerak emas, ularni asta-sekin xususiylashtirishimiz kerak. Ipoteka bankning 75% ulushi Vengriyaning OTP Bankiga sotiladi va kun davomida shartnomaning dastlabki bandlarini ham imzolaymiz”, — dedi Qoʻchqorov.

Maʼlum qilinishicha, elektr energiya ishlab chiqarish uchun moʻljallangan GESlarda ham xususiylashtirish ishlari tezlashtiriladi. 2023-yilga borib, 10 ta yirik kompaniya, 2025-yilga borib esa 20 ta kompaniyada IPO (ommaviy sotuvga chiqarish) oʻtkazilishi reja qilinmoqda.