Dubay shokoladining tezlik bilan ommalashuvi dunyo bo‘ylab pista tanqisligi va uning narxi keskin oshishiga olib keldi, deb yozadi Financial Times nashri.
Pista mag‘zining narxi bir yil ichida bir funt uchun (450 grammi) $7,65dan $10,30gacha ko‘tarildi, deya xabar berdi nashrga CG Hacking yong‘oq treyderi.
Kompaniya vakilining ta’kidlashicha, Dubay shokoladining ommalashishidan oldin bozorda pista yong‘og‘i ortiqcha bo‘lmagan. Yangi shirinlik paydo bo‘lgach, shokolad ishlab chiqaruvchilar “qo‘lga tushgan barcha mag‘izlarni” sotib ola boshlagan. Buning natijasida boshqa xaridorlarga pista yetishmay qolgan.
“Ayni paytda pista dunyosi deyarli tugadi,” — deya baholadi kompaniya vakili Jayls Xaking.
Eron pista yetishtirish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rindagi yirik ishlab chiqaruvchidir. Eron bojxona xizmati statistikasiga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida respublika BAAga bundan 1 yil oldingiga nisbatan 40% ko‘proq pista eksport qilgan.
Trend hatto Läderach va Lindt kabi yetakchi shokolad brendlarini ham qamrab oldi, ular BAAlik Fix izidan borib, mashhur mahsulotning o‘z versiyalarini ishlab chiqarishni boshladilar. Ularning ortidan boshqa premium markalar, jumladan, Britaniyaning Prestat Group kompaniyasi ham kirib keldi.
Mamlakat pista yetishtiruvchilar uyushmasi boshqaruv a’zosi Behruz Ogah Financial Times’ga aniqlik kiritishicha, hozirgi pista taqchilligi 2023-yilda pistaga bo‘lgan talabning pastligidan keyin yuzaga keldi. O‘sha paytda pista taklifi xaridorlar qiziqishidan oshib ketgani narxlarning tushishiga olib kelgan edi.
Bozorda pistaning haddan tashqari ko‘payib ketishi pista yog‘i va pista pastasi kabi qo‘shimcha mahsulotlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu mahsulotlar keng ko‘lamli oziq-ovqatlarda qo‘llanila boshlandi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu hodisa taxminan Dubai shokoladi ishlab chiqarilishi va u asta-sekin butun dunyoga tarqalishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.
Britaniyaning Prestat Group shokolad ishlab chiqaruvchisi Dubay shokoladining “tasodifan paydo bo‘lib qolgani” va endi uni har qanday do‘konda topish mumkinligidan norozilik bildirdi.
“Hech kim bunga tayyor emasdi,” — deya ta’kidladi bosh direktor Charlz Jandro, qaymoqda (kataifi) ishlatiladigan maydalangan xamirni sotib olishdagi qiyinchiliklar haqida so‘zlar ekan.