Agar Google Chrome’ni sotishga majbur bo‘lsa, ChatGPT ishlab chiquvchisi OpenAI sudyaga brauzerni sotib olishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

AQSh Adliya vazirligi tomonidan Google’ga qarshi ochilgan ishda kompaniyaning Chrome’ni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi taklif etilgan huquqiy himoya chorasi hisoblanadi.

O‘tgan yili sudya Amit Mehta kompaniyani onlayn qidiruv sohasida monopolist deb topgan edi. Sud jarayonining huquqiy himoya bosqichi dushanba kuni boshlandi. Google ushbu qaror ustidan apellyatsiya bermoqchi.

OpenAI rahbari Nik Terli, shuningdek, o‘tgan yili OpenAI ChatGPTga Google qidiruv texnologiyasidan foydalanishga imkon beradigan potensial hamkorlik bo‘yicha Google bilan bog‘langani haqida guvohlik berdi.

ChatGPT Bing qidiruv ma’lumotlaridan ma’lumot olish imkoniyatiga ega. Terli Microsoft haqida aniq gapirmagan bo‘lsa-da, Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, u OpenAI “birinchi raqamli ta’minotchi” deb nomlangan kompaniya bilan “jiddiy sifat muammolari"ga duch kelganini ta’kidlagan.

“Bizning fikrimizcha, bir nechta hamkorlarning mavjudligi va xususan, Google API bizga foydalanuvchilarga eng yaxshi mahsulotni taqdim etish imkonini beradi”, — deyiladi sudda ko‘rsatilgan OpenAI elektron xatida, deb yozadi Reuters.

OpenAI o‘zining qidiruv indeksi ustida ham ishlamoqda. Dastlab OpenAI 2025-yil oxirigacha ChatGPT qidiruv so‘rovlarining 80%ida ushbu indeksdan foydalanishini rejalashtirgan bo‘lsa-da, Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda kompaniya bu ko‘rsatkichga erishish uchun yillar talab etilishini taxmin qilmoqda.


Avvalroq Spot AQSh Adliya vazirligi Google’dan Chrome brauzerini sotishni talab qilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek, kompaniyadan qurilmalarda standart qidiruv tizimi maqomi to‘g‘risidagi kelishuvlarni bekor qilish va raqobatchilarga foydalanuvchi ma’lumotlariga kirish huquqini berish ham so‘ralmoqda.