Xitoy Oyda AES qurish rejasini tasdiqladi. Bu haqda Reuters agentligi Xitoyning Chan’e-8 kosmik missiyasi bosh muhandisi Pey Chjaoyuyga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xitoy va Rossiya boshchiligidagi Xalqaro Oy tadqiqot stansiyasining (ILRS) dastlabki rejalari Oy yuzasida atom elektr stansiyasini qurishni o‘z ichiga oladi.
Pekin rejalariga ko‘ra, 2028-yilda Long March 5 tashuvchi raketasi yordamida uchirilishi mo‘ljallangan Chan’e-8 Oy missiyasi Yerning janubiy qutbida inson yashaydigan baza qurilishiga asos solishi kerak.
Missiya ikki bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda Oy resurslari va relyefini o‘rganish uchun qo‘nish moduli, lunoxod va robot uchirilishi rejalashtirilgan.
Ikkinchi bosqichda Oy stansiyasini boshqarish markazini tashkil etish, katta hajmdagi yuklarni yetkazish, energiya ta’minoti, aloqa va transport xizmatlarini ko‘rsatish uchun orbital modullar yaratish rejalashtirilgan.
Roskosmosning xalqaro hamkorlik bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Sergey Savelyevning aytishicha, masofadan boshqariladigan bu stansiyani to‘liq qurib bitkazish 2036-yilga mo‘ljallangan.
Unga ko‘ra, baza Oy yuzasini o‘rganish va undan foydalanishga qaratilgan ko‘p sohalik va ko‘p maqsadli ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun mo‘ljallangan.
2030-yilga kelib esa Xitoy Mengzhou va Lanyue kosmik kemalarida ikkita astronavtni Oyga qo‘ndirmoqchi. AES qurilishidan tashqari, Pekin va Moskvaning oy rejalari katta quyosh panellari o‘rnatishni ham o‘z ichiga oladi. Bu panellar orqali bazani elektr energiyasi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Kelajakda Xitoy Xalqaro ilmiy Oy stansiyasi loyihasida ishtirok etish uchun 50 ta davlat, 500 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot institutlari va 5 mingga yaqin xorijiy tadqiqotchilarni jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Xitoyning Oyda AES qurish loyihasid haqida 2022-yilda e’lon qilingandi. Oyni o‘zlashtirish loyihasi rahbari U Veyjyen tegishli baza janubiy qutbda quriladi va atom energiyasidan quvvat olishi haqida aytgandi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlangani haqida yozgandi.
Jizzaxda qurilayotgan qurilish-montaj bazasi ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi.