Xalqaro valyuta jamg‘armasi yaqin ikki yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishining sekinlashishini kutmoqda. Bu haqda missiyaning 2025-yilgi maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha yakuniy bayonotida keltirilgan.
Jamg‘arma O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori ko‘rsatkichlarni namoyish etishda davom etayotganini qayd etdi. Tashqi joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi pul o‘tkazmalarining katta hajmi, xomashyo tovarlari narxlarining yuqoriligi, oltinga bog‘liq bo‘lmagan eksportning jadal o‘sishi va 2023-yilda uning hajmi bir marta oshganidan keyin importning qisqarishi tufayli YIMning 5%igacha — 2,6 foiz punktiga qisqardi.
Bunda xalqaro zaxiralar yetarli darajada saqlanib qolmoqda. O‘tgan yili konsolidatsiyalashgan davlat budjeti taqchilligi 1,7 foiz punktga pasayib, YIMga nisbatan 3,2% ni tashkil etdi, bu asosan energetika sohasidagi subsidiyalarning qisqarishi va ijtimoiy xarajatlarning manzilliligini oshirishni aks ettiradi. O‘z navbatida, oltin narxining oshishi QQSni qaytarishning yuqori darajasi tufayli QQS tushumlarining pasayishini qopladi.
“Biroq, taqchillikni qisqartirish natijasida ichki talabning pasayishi ta’siri davlat korxonalarini hisobga olgan holda kengaytirilgan ta’rifda davlat sektori xarajatlarining oshishi natijasida zaiflashdi, bunga tashqi qarz olishning chegaraviy ko‘rsatkichining oshishi yordam berdi,” — deyiladi missiya bayonotida.
Inflyatsiya yuqoriligicha qolmoqda, uning yillik darajasi mart oyida 10,3% ni tashkil etdi, bu o‘tgan yili energiya tariflari va boshqa tartibga solinadigan narxlarning oshishi va ushbu o‘sishning boshqa narxlarga ta’siri bilan bog‘liq.
Tariflar oshishi fonida XVJ noaniqlikning kuchayishi va global moliyaviy sharoitlarning keskinlashuvi tashqi talab, xomashyo narxlari va moliyaviy oqimlar orqali O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini kutmoqda. Noaniqlikka qaramay, bazaviy ssenariyda yuqori xususiy iste’mol, investitsiyalar va tarkibiy islohotlarni amalga oshirishdagi taraqqiyot hisobiga 2025-yilda YIMning real o‘sishi 5,9% ga va 2026-yilda 5,8% ga prognoz qilinmoqda.
2025-yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi, prognozlarga ko‘ra, YIMning 5%i darajasida o‘zgarishsiz qoladi, chunki oltin eksportining ko‘payishi va kengaytirilgan davlat sektorining konsolidatsiyasi savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlarda o‘sishning sekinlashishi natijasida yuzaga kelgan oltin bilan bog‘liq bo‘lmagan eksportning pasayishini qoplaydi.
Missiya joriy yilda inflyatsiya 8,4% gacha sekinlashishini kutmoqda, bu Markaziy bank prognozidan (7−8%) biroz yuqoridir. 2026-yilda qat’iy makroiqtisodiy va makroprudensial siyosat hamda tarkibiy islohotlarni davom ettirish natijasida inflyatsiya darajasi 6,5% gacha pasayishi mumkin.
XVJning qayd etishicha, O‘zbekiston uchun asosiy tashqi xatarlar quyidagilardan iborat:
- savdo siyosati sohasidagi jiddiyroq va uzoqroq shoklar;
- Ukrainadagi urushning ikkilamchi oqibatlari;
- tashqi moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini kamaytirish;
- xom ashyo tovarlari narxlarining o‘zgaruvchanligi.
Ichki xavflar qatoriga esa quyidagilar kiradi:
- budjet taqchilligining kutilganidan yuqori darajalari;
- qarz olish limitlariga ularni oshirish tomoniga tuzatish kiritish;
- banklar balanslarining zaiflashuvi hamda davlat korxonalari va banklar, shuningdek, DXShning shartli majburiyatlari.
Missiya tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni jadallashtirish, kapital oqimi va pul o‘tkazmalarini ko‘paytirish hamda oltin narxining oshishi tufayli imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Yanvar-mart oylarida O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi sezilarli darajada tezlashdi — o‘tgan yilgi 6,4% dan 6,8% gacha. Iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biri qurilish bo‘lib, uning hajmi 10,8% ga o‘sdi (2024-yilda — 6,8%). Sanoat ishlab chiqarishining o‘sish sur’atlari o‘tgan yilgi darajada (6,5%) saqlanib qoldi.
Biroq, birinchi chorakda inflyatsiya 1,7% dan 2,1% gacha tezlashdi, fuqarolar umumiy daromadlarining real o‘sishi esa 11,2% dan 9,8% gacha sekinlashdi. Bundan tashqari, chakana xizmatlar hajmi (12,6%), yo‘lovchi aylanmasi (4,3%) va yuk aylanmasi (2%) o‘sishi sezilarli darajada sekinlashdi.
Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning soliq-budjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar bergani haqida xabar berilgandi.