Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 1-mayidan haydovchilar uchun jarima ballari joriy etilishi haqida xabarlar tarqalgandi.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev jarima ballari 1-may kunidan boshlab kuchga kirmasligini ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, hozirda jarima ballarini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat belgilangan tartibda ishlab chiqilmoqda.

Mazkur hujjat qabul qilinganidan keyin, yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun beriladigan jarima ballarining hisoblanish muddati va tartibi aniq belgilanadi.

Mart oyi oxiriga kelib, IIV qoidabuzarliklarni jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Jarayon 4-aprelgacha davom etdi.

Loyiha bilan jarima ballari transport vositalarini boshqargan haydovchilarga nisbatan faqat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanadi. Jarima ballari E-jarimaball moduli orqali avtomatlashtirilgan tartibda hisoblab boriladi.

Agar haydovchi 12 oy ichida yo‘l harakati qoidalarini buzmasa, keyingi davrda birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun birinchi jarima bali hisoblanmaydi.

Oxirgi huquqbuzarlik uchun jarima bali hisoblangandan keyin 6 oy davomida qoidabuzarlik sodir etilmasa, umumiy jarima ballaridan 2 jarima bali ayirib tashlanadi.

Agar haydovchilar jarima ballarining umumiy miqdori 2 jarima balidan kam bo‘lsa, barcha jarima ballari ayirib tashlanadi hamda ularni hisoblash muddati birinchi huquqbuzarlik sodir etilgan vaqtdan yangidan boshlanadi.

Haydovchilar uchun jarima ballari

Joriy yilning fevral oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘l harakati xavfsizligi tizimini yashilash, qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Jarima ballari bir yilda 12 balldan oshgan haydovchilar avtomobil boshqarish huquqidan 6 oygacha mahrum qilinadi. Qanday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishi haqida batafsil havola orqali tanishish mumkin.

YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov kelgusida kamera va radarlar orqali yoziladigan jarimalarni ham 12 ballik tizimga qo‘shib hisoblash rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

Avvalroq yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun bir qator jarimalar oshirilayotgani haqida xabar berilgandi. Qonunchilikda yo‘l bezoriligi tushunchasi belgilanmoqda, unga drift qilish va “shashka” harakatlanish kiradi.

Avvalroq avtobus yo‘laklari va trotuarlarda harakatlanganlik uchun jarimalar miqdori tasdiqlangani haqida xabar berilgandi. Birinchi huquqbuzarlik uchun 375 ming so‘m, takror sodir etilganda esa 1,125 mln so‘m miqdorida jarima undiriladi.