Meta barcha qurilmalar uchun Meta AI mobil ilovasini chiqardi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.
Unda Llama 4 asosidagi chat-bot, ovozli rejim, rasm yaratish va tahrirlash funksiyalari hamda internetdan qidiruv mavjud.
Kompaniyaning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt yordamchisi “ancha dolzarb javoblar” beradi — u Meta’ning barcha platformalarida mavjud bo‘lgan foydalanuvchi haqidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi. Masalan, Instagram va Facebook’dagi postlar va layklar.
Ilovada “Discover” nomli lenta mavjud. U yerda boshqa foydalanuvchilar yordamchidan qanday maqsadlarda foydalanayotgani va so‘rovlarni qay tarzda yozayotganini ko‘rish mumkin.
Har bir suhbatda foydalanuvchi o‘z so‘rovini lentada boshqalar bilan baham ko‘rish yoki ko‘rmaslikni tanlash imkoniyati bor.
Shuningdek, ilova Ray-Ban aqlli ko‘zoynaklariga ulanadi. SI yordamchi suhbat tarixini saqlaydi. Ko‘zoynakda boshlangan dialogni ilovada davom ettirish mumkin bo‘ladi.
Ilova Rossiya foydalanuvchilari uchun mavjud emas. Moslangan javoblar funksiyasi hozircha AQSh va Kanadada, ovoz rejimi esa AQSh, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyada mavjud.
Avvalroq Spot Meta Llama sun’iy intellekt modelini o‘zbek tiliga moslashtirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Kompaniya ushbu modelni davlat saytlariga integratsiya qilish hamda mutaxassislarni ochiq kodli dasturlar bilan ishlashga o‘rgatishga tayyorligini ma’lum qildi.