Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida fuqarolarga yoshga doir pensiyani avtomatik tarzda tayinlashga qaratilgan qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Senator Abdusaid Kuchimov davlat xizmatlarini oshirish, fuqarolarni ortiqcha ovoragarchilikdan xalos qilish maqsadida pensiya tizimini takomillashtirish zarurati yuzaga kelganini qayd etdi. Shundan kelib chiqib, qonun bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, 60 yoshga yetgan erkaklar hamda 55 yoshga yetgan ayollarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilanmoqda.
Bunda fuqaroning mehnat staji, ish haqi, o‘qish davri va oila a’zolari haqidagi ma’lumotlari davlat idoralari va tashkilotlarning axborot tizimlaridan elektron ma’lumot almashinuvi asosida olinadi. Amalda fuqarolar pensiya yoshiga yetgach, yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga, Davlat xizmatlari markaziga va Yagona portaliga murojaat qiladi. Yangi tartib bilan bu talab bekor qilinadi. Kuchimov bu o‘zgarishlar bir yilda o‘rtacha 250 ming nafar fuqaroning mablag‘ va vaqtini tejashini qayd etdi.
Shuningdek, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarning telefon raqamlariga pensiya tayinlanganligi va uning miqdori to‘g‘risida SMS-xabar yuboriladi. Fuqaro pensiya yoshiga yetib, mehnat faoliyatini davom ettirgan holda keyinroq yoshga doir pensiya olishni istasa, proaktiv shaklda tayinlangan yoshga doir pensiyani rad qilish huquqi saqlanib qolinmoqda. Hozirda pensiyaga chiqib, ishlashda davom etayotgan fuqarolar soni qariyb 500 mingni tashkil etadi.
Yoshga doir pensiyalarni proaktiv shaklda tayinlashda fuqaroning oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyati davomidagi ketma-ket besh yil uchun ish haqining eng yuqori miqdori avtomatik ravishda aniqlanadi. YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida mehnat qilayotganlarning faoliyati ham ish stajiga qo‘shiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga barcha nafaqalarni tayinlash va to‘lash Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakolatiga o‘tkazilganidan kelib chiqib, qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida"gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida"gi qonunlarga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
2023-yilning noyabr oyida qabul qilingan prezident qarori bilan joriy yilning 1-martidan yoshga doir pensiyalarni avtomatik tarzda tayinlanishi belgilangandi. Ushbu qonun loyihasi joriy yilning fevral oyida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.
Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Kamoliddin Hojibekov proaktiv shakl qanday bo‘lishi, ma’lumotlar qanday avtomatik tarzda olinishi hamda xorijdagi va ish stajiga ega bo‘lmaganlar nima qilishi haqida so‘zlab bergandi.
Avvalroq Pensiya jamg‘armasi qanday qilib yuqori miqdorda pensiya olish mumkinligi bo‘yicha ma’lumot bergani haqida xabar berilgandi.