Centrum Air 30-aprel kuni Bangkokdan Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelgan birinchi uzoq masofali keng fyuzelyajli Airbus A330−300 samolyotini qabul qilib oldi. Bu haqda xususiy aviakompaniya matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.

Planespotters.net portali ma’lumotlariga ko‘ra, havo kemasi 2009-yil oxirida Tuluzada ishlab chiqarilgan. 2020-yilgacha samolyot Thai Airways aviakompaniyasi tomonidan ekspluatatsiya qilingan, biroq COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan keyin hamda 2024-yilning sentabrigacha bort Bangkok aeroportida saqlanib turilgan.

Laynerning so‘nggi ekspluatanti sifatida Irlandiyaning Aergo Capital kompaniyasi ko‘rsatilgan, taxminlarga ko‘ra, samolyot undan lizingga olingan.

Centrum Air’ning ta’kidlashicha, 347 yo‘lovchiga mo‘ljallangan keng fyuzelyajli Airbus A330 layneri uzoq masofali yo‘lovchi reyslarini amalga oshirish va yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirishda foydalaniladi.

Ayni paytda Centrum Air xususiy aviakompaniyasining havo flotida jami sakkizta samolyot mavjud: beshta Airbus A320−200, ikkita A321neo va bitta A330−300. Havo kemalarining o‘rtacha yoshi 13 yoshdan sal ko‘proq. Shuningdek, tashuvchi yana uchta yangi bort kelishini kutmoqda.

Avvalroq Sariosiyo aeroporti rekonstruksiyadan so‘ng birinchi texnik reysni qabul qilgani haqida xabar berilgandi.