Apple bosh direktori Tim Kuk birinchi marta Donald Tramp ma’muriyati tomonidan joriy etilgan bojlarning kompaniya biznesiga ta’siri haqida gapirdi. Bu haqda Macrumors nashri xabar berdi.

Mart oyi choragi uchun moliyaviy hisobot taqdimoti chog‘ida u ta’minot zanjirlarini qayta yo‘naltirish va zaxiralarni boshqarish tufayli tariflar hozircha cheklangan ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi.

Biroq, agar vaziyat o‘zgarmasa, iyun oyi choragiga kelib Apple’ning qo‘shimcha xarajatlari $900 mlnga yetishi mumkin, deb ogohlantirdi Kuk.

AQSh tarif siyosatiga nisbatan noaniqlik saqlanib qolayotgani sababli aniq ta’sirni baholash hozircha qiyin.

Hozirda Apple logistika sohasini faol ravishda diversifikatsiya qilmoqda. AQShda sotilayotgan iPhone’larning yarmidan ko‘pi Hindistondan yetkazib berilmoqda, Mac, iPad, AirPods va Apple Watch ishlab chiqarish esa Vetnamda to‘plangan.

Yaqin vaqt ichida Apple Hindistondan iPhone yetkazib berishni ko‘paytirishni rejalashtirmoqda, jahon bozorlariga esa Xitoydan qurilmalar jo‘natishda davom etadi.

Kukning ta’kidlashicha, Apple jamoasi yetkazib berishni optimallashtirish va ishlab chiqarishni yangi sharoitlarga moslashtirish bo‘yicha aql bovar qilmaydigan ishlarni amalga oshirdi.

Kompaniya bundan buyon ham tashqi siyosiy omillarning global operatsion modelga ta’sirini minimallashtirishga harakat qiladi.


Avvalroq Spot Apple Epic Games kompaniyasi bilan sud jarayonida yutqazgani haqida yozgandi.

Sud Apple’ga kompaniyaning Fortnite o‘yinini App Store do‘koniga qaytarishni buyurdi. Shuningdek, o‘yinlar va ilovalardagi tashqi xaridlar uchun 27% komissiya olishni taqiqladi.