Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda ilk yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar sinov tarzida ishga tushirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati bu haqidagi ma’lumotlarni Spot’ga tasdiqladi.

Poytaxt ma’muriyatining ma’lum qilishicha, avvalroq taxmin qilinganidek, birinchi bosqichda yo‘l bo‘yi avtoturargohlari uchun 13−14 ming o‘ringa mo‘ljallangan 86 ta pulli avtoturargoh ishga tushirilgan.

Pulli avtoturargohlardan biri Amir Temur xiyoboni atrofida joylashgan bo‘lib, maxsus belgi — to‘q sariq fonda qora rang bilan katta “P” harfi tasvirlangan. Uning narxi soatiga 12 ming so‘mni tashkil etadi, to‘lamaganlik uchun jarima ko‘zda tutilgan.

Avtoturargoh uchun to‘lovlarni Poytaxt Parking ilovasi orqali onlayn yoki Paynet terminallari orqali naqd pulda amalga oshirish mumkin. Spot jurnalistlari App Store va Google Play ilovalari do‘konlaridan bunday ilovani topa olmadi. Mobil ilovani ishlab chiqish bilan pulli “parkovka” tashkil etish huquqini qo‘lga kiritgan Streetpark Systems kompaniyasi shug‘ullangan.

Dastlab, birinchi pullik avtoturargohlar mart oyida sinov tariqasida ishga tushirilishi kerak edi, iyul oyidan esa pulli avtoturargohlarni ommaviy ravishda joriy etish rejalashtirilgandi. Pulli avtoturargohlar to‘rtta tarif zonasiga bo‘lingan: soatiga 5, 8, 10 va 12 ming so‘m. Eng yuqori tarif Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilib, 30 ming so‘m etib belgilangan.

To‘lovlarni nazorat qilish maxsus planshetlar va avtomobillar bilan joylarda tekshiruvchi videokuzatuv kameralari yordamida amalga oshiriladi. To‘lov qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik faqat 2026-yildan joriy etilishi mumkin.

Toshkentda pulli avtoturargohlar

2024-yilning oktabrida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Toshkentda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etishga qaratilgan qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, 2025-yilning avgust oyi oxirigacha 13,2 mingta pulli “parkovka” tashkil etish, kelgusida ularni 84 mingtaga yetkazish rejalashtirilgandi.

Bundan oldin hokimlik poytaxtda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish tartibini tasdiqlangandi. Barcha tumanlarda ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kv.metrni tashkil etadi. Operator Toshkentning barcha tumanlaridagi ko‘chalardagi nuqtalarni uch yil muddatga boshqarishga oladi va ularni texnik jihozlash uchun kamida $5 mln investitsiya kiritishi kerak bo‘ladi.

Noyabr oyi oxirida o‘tkazilgan birinchi auksionda Balcomuz qo‘shma korxonasi g‘olib bo‘lgandi. Kompaniya avtoturargohlar ijarasi uchun taxminan 120 mlrd so‘m taklif qilgan, ammo kelishuv tasdiqlanmagan.

Dekabr oyi o‘rtalariga kelib, Streetpark Systems poytaxt ko‘chalarida pulli “parkovka"larni tashkil etish huquqi uchun takroriy savdolarda g‘olib chiqdi. Ushbu kompaniya auksionning ikkinchi bosqichida “parkovka” maydonlarini 3 yilga ijaraga olish uchun 62,93 mlrd so‘m taklif etdi.