Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida milliy valyutadagi bank omonatlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari yillik 18,8%gacha pasaygan.

Bir oy ichida bu ko‘rsatkich 0,4%ga kamaygan. Xususan, bir yildan ortiq muddatli hisobvaraqlarning daromadliligi keskin ravishda 1,5%ga tushib, 19,3%ni tashkil etgan — bu 2024-yil iyun oyidan buyon eng past ko‘rsatkichdir. Shu bilan birga, qisqa muddatli omonatlar stavkalarining 17,2%gacha biroz ko‘tarilgani kuzatilgan.

mart, omonatlar

Jismoniy shaxslar omonatlari bo‘yicha foiz stavkalari ketma-ket oltinchi oy mobaynida deyarli o‘zgarmay, 22,1%da qoldi. Bir yilgacha bo‘lgan muddatli omonatlar daromadliligining biroz pasayishi (20,66%gacha) uzoq muddatli depozitlar bo‘yicha stavkalarning 22,4%gacha minimal ko‘tarilishi (+0,1%) bilan muvozanatlandi.

Biznes uchun mo‘ljallangan omonatlar bo‘yicha daromadlilik 16,4%gacha (0,5%ga) pasaydi. Bu asosan uzoq muddatli takliflar bo‘yicha stavkalarning 1,5%ga tushishi bilan bog‘liq. Bir yilgacha bo‘lgan muddatli omonatlar bo‘yicha stavkalar 16,3% darajasida o‘zgarishsiz qoldi.

mart, omonatlar

Chet el valyutasidagi depozitlar bo‘yicha foizlar fevraldagi pasayishning bir qismini qopladi. Mart oyi oxirida ularning o‘rtacha daromadliligi 4,7%ni (+0,3%) tashkil etdi, uzoq muddatli omonatlar esa xuddi shunday o‘sish bilan yillik 5%ga yetdi.

Aholi uchun valyuta omonatlari daromadliligining minimal o‘sishini ko‘rsatdi — 4,9%gacha (+0,1%). Qisqa muddatli segmentdagi stavkalar 3,05%gacha (+0,05 foiz), uzoq muddatli segmentda esa 5,35%gacha (+0,09%) ko‘tarildi.

Korporativ depozitlar bo‘yicha yuqoriroq o‘sish qayd etildi — 0,3%ga, 4,4%gacha. Bunga bir yildan kam muddatli omonatlar bo‘yicha foiz stavkalarining 4,5%gacha keskin ko‘tarilishi (+1,1%) tufayli erishildi. Uzoq muddatli hisobvaraqlar bo‘yicha esa o‘sish atigi 0,1%ni (4,4%gacha) tashkil etdi.