Amazon Web Services va OpenAI o‘rtasida $38 mlrdlik yetti yillik shartnoma imzolandi, deya xabar berdi Bloomberg nashri.

Unga ko‘ra, OpenAI Amazon’ning sun’iy intellekt modellarini joylashtirish va o‘qitish uchun uning imkoniyatlaridan foydalanadi.

Shartnoma bilan OpenAI AWS serverlaridagi yuz minglab Nvidia grafik protsessorlariga kirish huquqiga ega bo‘ladi. Hisoblash quvvatlarining to‘liq hajmi 2026-yil oxirigacha, 2027-yilgacha va undan keyin ham kengaytirish imkoniyati bilan ishga tushiriladi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, bu bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt infratuzilmasi sohasidagi eng yirik bitimdir. U Amazon kompaniyasini Microsoft (Azure) va Google (Cloud) bilan raqobatlashadigan generativ sun’iy intellektda yetakchilik uchun bulut gigantlari poygasida asosiy o‘yinchi sifatida mustahkamlaydi.

Qayd etilishicha, bozor bunga darhol munosabat bildirdi va Amazon aksiyalari 5% dan ko‘proqqa oshdi. OpenAI uchun AWS bilan shartnoma ChatGPT, Sora video modellari va kelajakdagi agentlik tizimlari ishlashi uchun yetarli hisoblash quvvatini ta’minlashda muhim qadam bo‘ladi.

“Amazon bilan hamkorlik bizga keyingi avlod modellarini o‘qitish uchun zarur bo‘lgan hisoblash resurslarini kengaytirish imkonini beradi”, — dedi OpenAI vakili.

Shartnoma OpenAI infratuzilmaga sarflaydigan xarajatlari ortib borayotgan bir paytda imzolandi. Ilgari kompaniya o‘zining hisoblash quvvatiga bo‘lgan ehtiyojini 30 gigavatt deb baholagan edi. Bu ko‘rsatkich 25 mln amerikalik xonadonning elektr energiyasi iste’moliga teng.

Joriy yil iyun oyida AQSh Mudofaa vazirligi OpenAI bilan milliy xavfsizlik sohasidagi asosiy vazifalarni hal qilishga qodir bo‘lgan ilg‘or generativ sun’iy intellekt (SI) prototiplarini ishlab chiqish bo‘yicha $200 mlnlik shartnoma tuzdi.

Bu kompaniyaning davlat boshqaruvida sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha yangi tashabbusi doirasidagi birinchi shunday loyihasidir.

Kelishuv shartlariga ko‘ra, OpenAI harbiy operatsiyalar uchun ham, armiyaning ichki infratuzilmasi uchun ham — kiberxavfsizlikni yaxshilashdan tortib, harbiy xizmatchilarga tibbiy yordam ko‘rsatish kabi ma’muriy jarayonlarni avtomatlashtirishgacha — sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqadi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, barcha ishlanmalar sun’iy intellektdan foydalanishning ichki tamoyillariga mos keladi.


Avvalroq Spot Amazon 30 mingta ofis xodimlarini qisqartirishni boshlashi haqida yozgandi.

Qisqartirish pandemiya davridagi ortiqcha yollash va hozirgi xarajatlarni kamaytirish zarurati bilan izohlanmoqda.