O‘zbekistondagi 2025-yilgi Haj mavsumi shu yil 13-maydan boshlanadi. Bu haqda musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Haj mavsumida 28-mayga qadar har kuni Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

Bunda ziyoratchilar mamlakatning 9 ta hududidagi Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlaridagi aeroportlar orqali Madina shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri uchadi.

Aviaparvozlar Uzbekistan Airways bilan birga FlyNas va FlyAdeal aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Haj tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. Xususan, ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularni emlash ishlari olib borildi.

Guruh rahbarlari va shifokorlar biriktirilib, safar oldidan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi hamda tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

14-apreldan boshlab Uzbekistan Airways Toshkent-Jidda reyslarida umra vizasiga ega yo‘lovchilarni qabul qilishni to‘xtatgani haqida xabar berilgandi.

Aviakompaniya Haj 2025 dasturi boshlangani sabab Saudiya Arabistoniga borayotgan barcha yo‘lovchilardan 30-aprelgacha mamlakatni tark etishlarini so‘radi.

Avvalroq Spot 1-sentabrgacha Haj va Umra yagona portali hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqilishi haqida yozgandi.

Portalda Haj tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda Umraga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladi.