O‘zbekneftgaz yirik klub krediti olish uchun uch bank bilan kelishuv imzoladi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

28-apreldan 1-maygacha O‘zbekneftgaz delegatsiyasi Finasia Capital moliyaviy maslahatchisi bilan hamkorlikda Londonga xizmat safari uyushtirdi.

Safar davomida kompaniya Standard Chartered, MUFG Bank va Abu Dhabi Commercial Bank bilan $207 mln miqdoridagi kredit olish bo‘yicha bitim tuzdi.

Kelishuv investision va ESG (ekologik, ijtimoiy va boshqaruv) loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, O‘zbekneftgaz $850 mlnlik yevroobligatsiyalarning rekord miqdorini joylashtirdi. Kompaniya 15 ta uchrashuv o‘tkazdi, unda 50 dan ortiq yirik investitsiya kompaniyalari vakillariga O‘zbekneftgaz faoliyati va kelgusi rejalari to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazildi.

Natijada, 5 yillik yevroobligatsiya chiqarilishi bo‘yicha $1,9 mlrdlik so‘rovlar qabul qilindi. Foiz stavkalari bosqichma-bosqich pasaytirilib, $850 mln miqdoridagi yevroobligatsiyalar 8,75% yillik yakuniy stavkada joylashtirildi.

S&P Global agentligi yangi obligatsiyalar chiqarilishiga “B+” reytingini berdi. Tahlilchilar jalb qilingan mablag‘larning asosiy qismi ilgari olingan qarzlarni qayta moliyalashtirishga, shuningdek, kapital qo‘yilmalar va umumiy korporativ xarajatlarga yo‘naltirilishini kutishmoqda.

O‘zbekneftgaz vakillari 2024-yil oktabr oyida xorijiy banklar bilan qo‘shimcha yevrobondlar chiqarish masalasini muhokama qildi. O‘sha paytda sinditsiyalashgan kreditlarni tashkil etish, shuningdek, eksport kreditlari va ko‘p tomonlama kafolatlar orqali muqobil manbalardan moliyalashtirish jalb qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan edi.

Yanvar oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezidentga boshqa mahalliy kompaniyalarning yevroobligatsiyalarni joylashtirish masalasi ham ko‘tarildi. Xususan, OKMK bu yil $1 mlrd, NKMK $500 mln, Navoiyuran va O‘zmetkombinat esa $300 mlndan mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda.