Milliarder Uorren Baffet 2025-yil oxirigacha Berkshire Hathaway xolding kompaniyasi rahbari lavozimini tark etadi, deb yozadi Bloomberg.
Aksiyadorlarning yillik yig‘ilishida Baffet Berkshire Hathaway vitse-prezidenti Greg Abel uning o‘rnini egallashini e’lon qildi.
Baffet 2021-yildayoq Abelni keyingi bosh direktor etib tayinlash rejalari haqida ma’lum qilgan edi. U 2025-yil 4-mayda o‘tkaziladigan direktorlar kengashi yig‘ilishida tasdiqlangandan so‘ng kompaniyani boshqaradi. Baffetning fikricha, kengash a’zolari uning bu qarorini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlaydi.
Baffet yordam berish uchun “yonida bo‘lishini” ta’kidladi, biroq so‘nggi qaror Abel tomonidan qabul qilinadi. Direktorlar kengashi yig‘ilishida ular, shuningdek, 2026-yilda Baffetning kompaniyadagi o‘rni qanday bo‘lishini muhokama qilishadi.
Bloomberg Billionaires Index milliarderlar ro‘yxatida Baffet beshinchi o‘rinni egallagan bo‘lib, uning boyligi $169 mlrdga baholanmoqda.
Bu boylikning asosiy qismini Berkshire Hathaway kompaniyasining aksiyalari tashkil etadi. Baffet bu aksiyalarni sotishni rejalashtirmayapti.
Baffett 1965-yilda Berkshire Hathaway kompaniyasini sotib olgan — o‘sha paytda bu bankrotga uchragan to‘qimachilik korxonasi edi. U ushbu kompaniya asosida investitsiya va sug‘urta faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xolding tashkil etdi.
Bugungi kunda Berkshire portfelida American Express, Bank of America, Apple, Chevron, Coca-Cola va boshqa ko‘plab yirik kompaniyalarning aksiyalari mavjud.
Avvalroq Bloomberg dunyoning eng boy 500 odami umumiy boyligi $304 mlrdga ko‘paygani haqida xabar bergandi.
Donald Trampning bir qator mamlakatlarga nisbatan bojlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaroridan keyin eng katta bir kunlik o‘sish kuzatildi.