Shuhratbek Qurbonov 5-may kuni TBC Bank Uzbekistan boshqaruvi raisining maslahatchisi lavozimini egalladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Yangi lavozimda u bank rahbariyatiga biznes-segmenti uchun to‘lovlarni rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha maslahat beradi. Uning mas’uliyat doirasiga xizmat ko‘rsatuvchilar, sotuvchilar va hamkorlar bilan munosabatlarni rivojlantirish va boshqarish kiradi.

“Bizning vazifamiz zamonaviy moliyaviy yechimlar, texnologiyalar va professionallar jamoasining uyg‘un ishlashi orqali mamlakatda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun sharoit yaratishdir,” — dedi Qurbonov yangi tayinlov haqida.

TBC Uzbekistan rahbari Nika Kurdiani Qurbonovning jamoaga qo‘shilishini kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun “kompleks moliyaviy yechim yaratish strategiyasidagi muhim bosqich” deb ta’rifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qurbonovning tajribasi va “bozorni chuqur tushunishi” onlayn bank xizmatlarini rivojlantirishda qo‘l keladi.

Qurbonov 2018-yilning dekabridan Milliy banklararo protsessing markazi — Humo to‘lov tizimi operatoriga rahbarlik qilib kelayotgandi. Joriy yilning mart oyida aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishida uni o‘z tashabbusi bilan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

MBPM rahbari lavozimiga Qurbonov o‘rniga Octobank rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan Aleksey Maksimov keldi. Shu bilan birga, Qurbonov Humo‘ning yangilangan kuzatuv kengashi tarkibiga kirdi.