Oliy Majlis Senati O‘zbekistonda bir vaqtning o‘zida ikkita oliy ta’lim muassasasida o‘qish cheklangani yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga so‘rov yubordi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev o‘z so‘rovida mamlakatda oliy ta’lim tizimini innovatsion asoslarda rivojlantirish, xorijiy tajribalarni joriy etish hamda xususiy sektorni jalb qilish ishlari oshgani bilan birga, sohadagi ayrim dolzarb masalalarni qayd etdi.
Xususan, so‘rovda fuqarolarning bir vaqtning o‘zida ikkita oliy ta’lim muassasasida, masalan, davlat va nodavlat OTMda kunduzgi va masofaviy yoki kechki va sirtqi shakllarda tahsil olish imkoniyati cheklangani bo‘yicha murojaatlari soni ortib borayotgani ta’kidlandi.
“Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi qonunning 5-moddasi bilan yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash, ularning intellektual rivojlanishiga sharoit yaratish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Biroq amaldagi tartibga ko‘ra, jumladan, hukumatning 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida abituriyent asl hujjatini faqat bitta OTMga topshirishi mumkin. Shuningdek, HEMIS tizimida ham bir marta ro‘yxatdan o‘tgan talaba boshqa OTMda qayta ro‘yxatdan o‘ta olmaydi.
“Bu yoshlarning o‘z ixtiyori va ehtiyojiga ko‘ra bir vaqtning o‘zida bir nechta ta’lim yo‘nalishida bilim olishiga to‘sqinlik qilmoqda”, deyiladi xabarda.
Senator bu kabi cheklovlar xorijiy davlatlarda, xususan, AQSh, Yevropa, Rossiya hamda Qozog‘istonda mavjud emasligi, aksincha, talabalar bir vaqtning o‘zida bir nechta OTMda tahsil olib, ikki va undan ortiq diplomga ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Shundan kelib chiqib, Bahrom Abdullayev Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovdan ushbu masalaga aniqlik kiritish va qonunchilikdagi mavjud to‘siqlar, jumladan, fuqarolarga bir vaqtning o‘zida davlat va nodavlat OTMlarining ikkitasida tahsil olish imkoniyati cheklangani yuzasidan rasmiy tushuntirish berishni so‘radi.
Avvalroq Senat gibrid avtomobillardan ekologik sertifikat talab etilayotgani yuzasidan Ekologiya vazirligiga so‘rov yuborgani haqida xabar berilgandi.