Oliy Majlis Senati O‘zbekistonga olib kelinayotgan gibrid avtomobillardan ekologik sertifikat talab qilinayotgani yuzasidan Ekologiya vazirligiga so‘rov yubordi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Senator Anvar To‘ychiyev gibrid avtomobillarning bojxona rasmiylashtiruvida ularning Yevro-4 ekologik toifasidan kam emasligini tasdiqlovchi sertifikat talab etilayotgani jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘layotgani, ushbu avtomobillar Yevro-5 yoki Yevro-6 ekologik standartlariga javob beruvchi elektrodvigatellar bilan jihozlangan holda olib kirilayotgani qayd etgan.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-yanvardagi 50-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda ekologik sertifikatlash tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasi mavjud bo‘lganda, ekologik xavfsizlik mezonlariga muvofiqlik tekshirilishi kerak. Agar laboratoriya mavjud bo‘lmasa, transport vositasi identifikatsiya yo‘li bilan baholanishi mumkin.
Shuningdek, hukumatning “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi 2022-yil 12-apreldagi 172-sonli qarorida “gibrid avtomobil” tushunchasi aniq belgilab berilgan. Ularni umumiy “M” va “N” toifalariga tenglashtirish masalasi ham bahsli hisoblanmoqda, deyiladi xabarda.
Shundan kelib chiqib, Anvar Tuychiyev Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovdan quyidagi masalalar bo‘yicha tushuntirish berishni so‘ragan:
- mamlakatda faoliyat olib borayotgan ekologik sertifikatlash organining tashkiliy-huquqiy asoslari, faoliyatini tartibga solish tartibi;
- avtomobillarni ekologik standartdan o‘tkazuvchi akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyalari, ularning moddiy-texnik bazasi, sinovdan o‘tkazish qamrovi va imkoniyatlari;
- elektrodvigatellar bilan jihozlangan gibrid avtomobillarni rasmiylashtirish jarayonida ekologik sertifikat olish to‘g‘risidagi talabning me’yoriy-huquqiy asoslari;
- arizani ko‘rib chiqish, sertifikatlash jarayonini amalga oshirish va uni berish yoki rad etish ishlarining qiymati bo‘yicha belgilangan to‘lov miqdoriga aniqlik kiritish.
“Mazkur so‘rov orqali mavjud tartibning ta’minlanishi, joriy etilgan amaliy mexanizmlarda shaffoflikka erishish hamda tadbirkorlar va fuqarolarning ortiqcha qiyinchiliklarga va ovoragarchilikka duch kelmasligi maqsadi nazarda tutilgan”, deya xulosa qilingan xabarda.
Gap nima haqida?
1-may kuni autodeklarant Telegram-kanalida elektromobil sifatida rasmiylashtirilayotgan gibrid avtomobillaridan Yevro-4 ekologik toifasidan past emasligini tasdiqlovchi ekologik sertifikat talab qilinayotgani haqida post e’lon qilindi. Bungacha esa elektromobil sifatida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladigan avtomobillardan faqat muvofiqlik sertifikati so‘ralgan.
“Eng achinarlisi, tekshiruvchilarda ekologik zararni tekshiruvchi texnikaning o‘zi mavjud emas. Amaldagi tartib bo‘yicha ishlab chiqaruvchining rasmiy xati ekologik sertifikat berish uchun asos bo‘ladi. Bundan tashqari, ekologik sertifikat bir modeldagi avtomobilning barchasi uchun emas, aksincha, har bir dona avtomobil uchun alohida olinadi va har bir donasi uchun 2 mln so‘mdan ko‘proq to‘lov qilinishi kerak”, deyiladi xabarda.
3-mayga kelib, autodeklarant kanali muallifi Azizbek Berdiyev bojxona xodimlariga tayanib, endilikda elektromobil sifatida rasmiylashtirilayotgan gibrid avtomobillardan ekologik sertifikat olish talab etilmasligini ma’lum qildi. “Amaldagi holatga qaytdi, ekologikk sertifikatsiz rasmiylashtirish ishlari boshlab yuborilgan” dedi u.
Avvalroq yangi avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza jo‘natish imkoni yaratilgani haqida xabar berilgandi.