Janubiy Koreyaning T’way Air aviakompaniyasi Seul-Toshkent-Seul yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, birinchi reys 23-mayga rejalashtirilgan. Parvozlar Boeing 777−300 va Airbus A330−300 samolyotlarida haftasiga to‘rt marta — dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

Parvozlar jadvali (mahalliy vaqt):

  • Inchxondan jo‘nab ketish — 18:00, Toshkentga kelish — 21:30;
  • Toshkentdan jo‘nab ketish — 23:00, Inchxonga yetib borish — ertasi kuni soat 9:25.

23-may sanasiga bir tomonlama aviachipta narxi 344 ming 770 koreys vonidan boshlanadi (Markaziy bankning joriy kursi bo‘yicha bu $247,45 yoki qariyb 3,2 mln so‘mga teng).

Joriy yilning fevral oyida O‘zaviatsiya agentlig T’way Air aviakompaniyasiga Seul-Toshkent- Seul yo‘nalishi bo‘yicha aviareyslar uchun ruxsatnoma taqdim etilgandi.

Shuninhdek, Malayziyaning Air Asia X Berhad kompaniyasiga Kuala-Lumpur-Toshkent-Kuala-Lumpur yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarini amalga oshirish ruxsatnomasi rasmiylashtirib berildi.

Har ikkala aviakompaniya belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam parvozlari A330 havo kemasida amalga oshiriladi.

T’way Air aviakompaniyasi 2010-yilda tashkil etilgan. U ham loukoster modelida tashishga ixtisoslashgan. Kompaniya Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Avstraliya va Yevropa shaharlariga parvozlarni amalga oshiradi.