Aprel oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi tarixiy rekord darajani o‘rnatdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
1-may holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati $49,25 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan $1,4 mlrdga yoki 2,93% ga ko‘pdir. Natijada aktivlar hajmi mart oyida o‘rnatilgan avvalgi rekorddan ($47,85 mlrd) oshib ketdi.
Oltin zaxiralari $772,64 mlnga biroz oshib, $37,65 mlrdga yetdi, qiymat jihatidan rekord yangilandi. O‘z navbatida, uning fizik hajmi kamayishda davom etib, 11,82 mln troy unsiya (367,09 tonna) dan 11,46 troy unsiya (355,83 tonna) ga pasaydi.
O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari deyarli o‘zgarishsiz — $10,33 mlrd miqdorida qoldi. Ularning hajmi bir oyda bor-yo‘g‘i $116,08 mlnga oshdi.
Xususan, boshqa mamlakatlar markaziy banklari va XVJdagi hisob raqamlaridagi valyuta zaxiralari miqdori $361,94 mlnni hamda xorijiy banklarda $9,96 mlrdni tashkil etdi.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar hajmi ham aprel oyida keskin — 3,46 baravar oshib, $703,9 mlnga yetdi.
Joriy yil boshida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov AQSh davlat obligatsiyalarini xarid qilishni davom ettirish rejalarini ma’lum qildi. Oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish uchun regulyator kripto valyutalarni sotib olish imkoniyatini istisno qilgan holda risksiz aktivlarga investitsiya kiritadi.
Fevralga kelib, regulyator $100 mlnlik AQSh davlat obligatsiyalarini sotib olgandi. Qimmatli qog‘ozlar hajmi ikki baravar ko‘payib, $200 mlndan oshdi, ularning oltin-valyuta zaxiralaridagi ulushi esa 0,45% gacha o‘sdi.
WGC’ga ko‘ra, O‘zbekiston mart oyida oltin sotish bo‘yicha dunyoda yetakchilikni saqlab qoldi. Markaziy bank tomonidan 11 tonna qimmatbaho metall sotilgan bo‘lsa, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha sof oltin savdosi 15 tonnani tashkil etdi.
Avvalroq Markaziy bank 2025-yilning dastlabki to‘rt oyi yakuni bo‘yicha milliy valyuta kursining barqarorligiga izoh bergani haqida xabar berilgandi.