Apple Safari brauzeriga sun’iy intellektga asoslangan qidiruv tizimlarini qo‘shishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Bloomberg agentligi.

Qayd etilishicha, kompaniya Safari’ga OpenAI, Perplexity va Anthropic’ning sun’iy intellektga asoslangan qidiruv tizimlarini qo‘shish ustida ishlamoqda.

Kompaniyaning xizmat ko‘rsatish bo‘yicha katta vitse-prezidenti Eddi Kyu AQSh Adliya vazirligining Alphabet’ga qarshi da’vo arizasida ko‘rsatma berish chog‘ida shunday bayonot berdi.

Kyu ma’lumotlarining oshkor etilishi uning Apple va Google o‘rtasidagi yiliga $20 mlrdlik kelishuv bo‘yicha ko‘rsatmalarining bir qismi edi, bu Googleni Safari’da standart qidiruv tizimiga aylantiradi.

U o‘tgan oyda Safari’da qidiruv so‘rovlari sonining birinchi marta kamayishi kuzatilganini ta’kidladi va buni sun’iy intellektdan keng foydalanish bilan bog‘ladi.

Kyu, shuningdek, uning fikricha, sun’iy intellektga asoslangan qidiruv provayderlari oxir-oqibat Google kabi an’anaviy qidiruv tizimlarining o‘rnini egallashini aytdi.

Shu sababli, Apple ushbu xizmatlarni o‘z brauzeriga qo‘shish imkoniyatini faol ravishda izlayotganini bildirdi. Biroq, Kyu bu xizmatlar hali takomillashtirilishi kerakligini hisobga olib, ular standart holat bo‘lmasligi mumkinligini ta’kidladi.

Kyu Apple allaqachon Perplexity bilan ba’zi muzokaralar olib borganini ma’lum qildi.


Avvalroq Spot Apple’ning eng yupqa iPhone 17 Air modeli g‘ilofidan quvvat olishi mumkinligi haqida yozgandi.

Asosiy sabab qalinligi atigi 5,5 millimetr bo‘lgan qurilmadagi kuchsiz batareya muammosini hal qilish hisoblanadi.

Chunki mazkur modelning yupqa korpusi qurilmaning ishlash muddatini boshqa modellarga qaraganda qisqartiradi.