Milliarder va Microsoft asoschilaridan biri Bill Geyts yaqin 20 yil ichida o‘zining deyarli barcha shaxsiy boyligini xayriya va gumanitar maqsadlarga sarflashini e’lon qildi.
“Men deyarli butun boyligimni Geyts jamg‘armasi orqali butun dunyodagi odamlarni qutqarish va hayotini yaxshilash uchun beraman. 2045-yil 31-dekabrda esa fond o‘z eshiklarini abadiy yopadi”, — dedi Geyts.
Keyingi 20 yil ichida Geyts jamg‘armasi jami $200 mlrd miqdorida xayriya qilishi lozim — bu tashkilotning 25 yillik faoliyati davomida sarflangan mablag‘dan ikki barobar ko‘p.
Geytsning yozishicha, kelgusi yigirma yil ichida jamg‘arma uchta asosiy maqsadni ko‘zlaydi: oldini olish mumkin bo‘lgan, ammo hali ham onalar va bolalarni o‘ldiradigan kasalliklar ustidan g‘alaba qozonish, yuqumli kasalliklar, jumladan bezgak va qizamiq ustidan g‘alaba qozonish, shuningdek, turli mamlakatlardagi yuz millionlab aholini qashshoqlikdan qutqarish.
Ko‘rsatilgan summa jamg‘armaning hozirgi aktivlari hajmidan oshib ketadi va yetishmayotgan mablag‘lar Geytsning shaxsiy boyligidan (hozirda $108 mlrdga baholanmoqda) to‘ldiriladi, deb xabar bermoqda dpa agentligi.
“Odamlar men haqimda vafotimdan so‘ng ko‘p gaplar aytishadi, lekin men ular orasida „U boyligicha olamdan o‘tdi“ degan ibora bo‘lmasligini ta’minlashga harakat qilaman,” — dedi Microsoft asoschilari qatorida bo‘lgan Geyts.
Geyts odamlarga yordam beradigan resurslarni saqlab qolish uchun juda ko‘p shoshilinch muammolar bor. Shuning uchun o‘z boyligimni jamiyatga dastlab rejalashtirganimdan ancha tezroq qaytarishga qaror qildim, deb yozadi.
Avvalroq Spot Bill Geyts farzandlarini merosining asosiy qismidan mahrum qilgani haqida yozgandi.
Geytsning ma’lum qilishicha, uchta farzandining har biri uning boyligining 1%idan kamrog‘ini olishadi.