Oq uy Qatar qirollik oilasi bilan AQShga birinchi raqamli prezident borti (Air Force One) sifatida foydalanish uchun hashamatli Boeing 747 laynerini topshirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, deb xabar bermoqda ABC News nashri.

Qatar bu sovg‘a bo‘lishini rad etmoqda, biroq samolyotni “vaqtincha foydalanish"ga topshirish ikki davlat o‘rtasida muhokama qilinayotganini aytmoqda.

BBC’ning AQShdagi hamkori CBS News xabariga ko‘ra, samolyot Trampning prezidentlik muddati tugagach, uning kutubxonasiga sovg‘a qilinadi.

Bu ma’lumotlar Donald Trampning Oq uyga qaytganidan keyingi birinchi xorijiy safari doirasida shu hafta Qatarga tashrifi arafasida paydo bo‘ldi.

Qatarning AQShdagi matbuot attashesi Ali Al-Ansoriy Qatar Mudofaa vazirligi va Pentagon o‘rtasida muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi.

“Bu masala tegishli huquqiy xizmatlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda va hozircha qaror qabul qilinmagan,” dedi u.

OAV ushbu bitim samolyotning ehtimoliy qiymatini hisobga olgan holda, qayta jihozlash xarajatlarini hisobga olmaganda $400 mlngacha yetishi mumkinligini yozmoqda.

CBS News manbalariga ko‘ra, samolyot topshirilgandan so‘ng darhol prezident foydalanishi uchun tayyor bo‘lmaydi, chunki uni qayta jihozlash va xavfsizlik tizimlari bilan ta’minlash zarur bo‘ladi.

Yakshanba kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt “xorijiy hukumat tomonidan taqdim etilgan har qanday sovg‘a doimo barcha qonunlarga to‘liq muvofiq qabul qilinishini” va Tramp ma’muriyati “to‘liq shaffoflikka intilayotganini” ta’kidladi.

Hozirda AQSh prezidenti Air Force One nomli ikkita samolyotdan foydalanmoqda — bular maxsus uskunalar bilan jihozlangan Boeing 747−200B rusumli samolyotlardir. Ular 1990-yillarning boshidan beri xizmatda.

ABC News xabar berishicha, Qatar modernizatsiyadan so‘ng “uchar saroy"ga aylangan Boeing 747−8 laynerining yangi modelini taqdim etishi mumkin.

Boeing korporatsiyasi Oq uy bilan yangi samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan, biroq joriy yil boshida Tramp ishlab chiqaruvchi jadvaldan ortda qolayotganidan noroziligini bildirgan. Uning ma’muriyati birinchi muddatidayoq ikkita 747−8 samolyotini yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borgan edi.


Avvalroq Spot Donald Tramp xorijiy filmlarga 100%lik bojlar joriy etilishini e’lon qilgani haqida yozgandi.

AQSh prezidentining qayd etishicha, bu chora Amerika kino sanoatini himoya qilish maqsadida ko‘rilmoqda.