Donald Tramp xorijiy kinofilmlar importiga 100%lik bojxona to‘lovlari joriy etilishini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
AQSh prezidenti yakshanba kuni tegishli bayonot berib, xorijiy kinolarni “milliy xavfsizlikka tahdid” deb atagan.
“Amerikada kino sanoati juda tez inqirozga uchramoqda. Boshqa mamlakatlar bizning kinoijodkorlarimiz va studiyalarimizni AQShdan o‘zlariga jalb qilish uchun turli rag‘batlar taklif etmoqda. Gollivud va AQShdagi boshqa ko‘plab yo‘nalishlar xonavayron bo‘lmoqda. Bu boshqa davlatlarning kelishilgan harakatlari bo‘lib, milliy xavfsizligimizga tahdid solmoqda. Bundan tashqari, bu axborot tarqatish va targ‘ibot-tashviqot hamdir”, — dedi Tramp.
Shu sababli, Tramp Savdo vazirligi va AQShning savdo muzokaralaridagi vakiliga mamlakatga kirib kelayotgan va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan barcha filmlar uchun 100%ik bojxona tarifi joriy etish jarayonini darhol boshlash vakolatini berdi.
2-aprel kuni Tramp 185 mamlakat va hududga mahsulotlari uchun bojxona to‘lovlari joriy etilishini e’lon qildi. Rossiya bu ro‘yxatga kiritilmagan. 10%lik umumiy tariflar 5-apreldan, alohida tariflar esa 9-apreldan kuchga kirdi.
Shu bilan birga, 9-aprel kuni AQSh rahbari bir qator davlat va hududlarga nisbatan o‘zaro munosabat tamoyili asosida joriy etilgan qo‘shimcha import bojlarining amal qilishini 90 kunga to‘xtatib turganini ma’lum qildi. Oq uy vakillari tushuntirishicha, bu tanaffus savdo muzokaralarini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu davrda 10%lik umumiy tarif amal qiladi.
Avvalroq Spot AQSh Rossiyadan neft va gaz sotib oluvchi mamlakatlar uchun 500%lik import boji joriy qilmoqchi ekanligi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, AQSh Senatining 100 nafar a’zosidan 72 tasi Rossiyadan neft va neft mahsulotlari, tabiiy gaz yoki uranni sotib oluvchi mamlakatlardan importga bojlar joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qullagan.